«Korabl jiddiy shikastlangan, ekipaj to‘liq evakuatsiya qilingan. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda», deyiladi RF mudofaa vazirligi ma’lumotida.
«Moskva» - RF harbiy-dengiz kuchlari Qora dengiz floti flagmani bo‘lib, flotdagi eng kuchli qurollarga ega kemadir, u C-300 ga o‘xshash «Fort» havo mudofaa tizimi bilan jihozlangan.
Avvalroq Odessa oblast ma’muriyati rahbari, polkovnik Maksim Marchenko ukrain harbiylari rossiyaliklarning «Moskva» raketa kreyseriga kemalarga qarshi «Neptun» qanotli raketalari bilan zarba berilgani va unga jiddiy shikast yetkazilgani haqida ma’lum qilgandi.
«U aynan Zmeyniy orolidagi chegarachilarimiz jo‘natgan joyga qarab ketdi! Qora dengiz himoyasida turgan «Neptun» raketalari rossiyaliklar korabliga juda jiddiy zarar yetkazdi», deya yozgan Marchenko.
Bu so‘zlar orqali u Zmeyniy orolini egallash bilan bog‘liq voqeaga ishora qilgan. Ukraina hukumati versiyasiga ko‘ra, aynan «Moskva» oroldagi ukrainalik harbiylar so‘kinish so‘zlari bilan nari ketishni taklif qilgan rus harbiy korabli bo‘lgandi.
«Moskva» kreyseridagi hodisa haqida Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich ham bilvosita tasdiqladi.

«Ikki matros noto‘g‘ri joyda chekib qo‘yishdi yoki yana bir marta qandaydir xavfsizlik choralarini buzishdi, negadir ularning omadi kelmadi. Xuddi Belgoroddagi kabi «Moskva»da ham omad kelmadi», deya sarkazm qilgan bu yong‘inga munosabat bildirar ekan Arestovich.
Arestovich Belgorodda ro‘y bergan yirik yong‘inni nazarda tutgan, o‘shanda bu yong‘in Rossiya hokimiyati ukrain vertolyotlari zarbalari oqibatida ro‘y berganini ma’lum qilgandi. Ukraina tomoni bu Ukraina qurolli kuchlarining harakatlari oqibati ekanini rasman tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.
Rossiya ukrain vertolyotlari Belgoroddagi neft bazasiga hujum qilganini aytmoqda. Asosiy ma’lumotlar
24 mart kuni Ukraina harbiylari rossiyaliklarning Berdyanskdagi portga harbiy texnikalar olib kelgan «Saratov» nomli yirik harbiy desant kemasi portlatilganini ma’lum qilgandi.

















