Ukraina-Rossiya mojarosi fonida O‘zbekistonga Rossiya va Belarusdan ayti mutaxassislar oqimi kuchaydi. Bugun, 14 aprel kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, yil boshidan beri xorijdan 3 mingga yaqin IT mutaxassis kelgan.

Kun.uz Toshkentdagi IT-parkda bo‘lib, rossiyalik va belaruslik mutaxassislarning O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini tingladi.

“Davlat maktablarida bir sinfda 40-45 talab bola o‘qirkan, buni bilib qo‘rqib ketdim”

Maksim Belov, EPAM Systems katta dasturiy muhandisi:

— Boshida ishimni Belarusda boshlaganman. 4 yildan ko‘proq vaqtdan beri EPAM ayti kompaniyasida ishlayman. Ilgari dasturchi sifatida ishlagan bo‘lsam, endi yirik xalqaro kompaniya loyihalarida menejyer sifatida faoliyat yurityapman.

Men oilam uchun tinch joy topish muammosini hal qilishim kerak edi, fevral oyi oxirida buni hal qildim va Toshkentga keldim. Tinch yashash va farzandlarim tinch o‘qishi uchun yaxshi joy kerak edi, men O‘zbekistonni bilardim, bu yerda bir yildan ortiqroq vaqt davomida yashaganman. O‘sha vaqtda o‘zbekistonlik dasturchilar bilan tanishganman. Bir yildan ziyod o‘zbekistonliklar bilan ishlaganman.

Oldimda tezda Polsha yoki O‘zbekistondan birini tanlash majburiyati turardi va men O‘zbekiston yaxshi joy deb hisoblab uni tanladim. Chunki bu yerda menda madaniy adaptatsiya bor edi, bu yerda rus tilida gapiraman, 10 foiz bolalar rus maktablarida o‘qishadi, bolalarim allaqachon xususiy rus maktablarida o‘qishni boshlashdi.

Davlat maktablarini ham ko‘rdik, shunchaki davlat maktablarida bir sinfda 40-45talab bolalar o‘qisharkan. Men, ochig‘i, qo‘rqib ketdim va bolalarimni balans normal bo‘lgan xususiy maktabga berdim.

Bu yerga kelishdan oldimizga ikkita maqsad qo‘yganmiz. Birinchisi – Python dasturlash tilini O‘zbekistonda keng o‘rgatish. Ikkinchisi – PAN kurslarni yo‘lga qo‘yish. Biz oxirgi chorakda rus va ingliz tillarida o‘rgatuvchi ikkita foundation – o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yishga ulgurdik.

Kelajakda bundan ham qiziqarli tadbirlarni rejalashtirganmiz. Kompaniyamiz, bo‘limimizning va mening maqsadlarimiz bir, ya’ni bu yerda Python'ni rivojlantirish.