
Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari O‘zbekiston Qirg‘izistonning o‘ta muhim tashqi siyosiy va strategik hamkori ekanini tasdiqladi.
«Ikki qardosh xalqni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, umumiy tarix, madaniyat, an’analar, til va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turadi. Shu munosabat bilan Sadir Japarov O‘zbekiston bilan davlatlararo munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga chaqirdi», — deyiladi xabarda.
Davlat rahbari joriy yil may oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyevning bo‘lajak tashrifini mamnuniyat bilan tilga olib, Qirg‘iziston-O‘zbekiston oliy darajadagi muzokaralari qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro hamkorlikning barcha sohalarida yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Shu bilan birga, prezident Sadir Japarov O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining ochilishini qutlab, faoliyati ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashishini ta’kidladi.
O‘z navbatida Sardor Umrzoqov davlat rahbariga Qirg‘izistonga javob tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mamlakat prezidenti topshirig‘i bilan Bishkekka kelganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, u o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari hamda yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ruhida hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Umrzoqov, shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.















