Rossiya flagman kreyseri «Moskva»ni yo‘qotdi - tomonlar hodisani turlicha talqin etishmoqda. AQSh Ukrainaga yangi qurollar, jumladan jangovar vertolyotlar bermoqda. Xarkov yana o‘qqa tutildi - halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor. Jahon banki qashshoqlik chegarasidan quyi darajada yashayotgan rossiyaliklarning soni keskin o‘sishini prognoz qilmoqda.

«Moskva» o‘yindan tashqari holatda

Rossiya harbiy-dengiz flotida uchta flagman korabli bor - Qora dengiz flotining «Moskva» kreyseri (suratda), Tinch okeani flotida «Varyag» va Shimoliy okeandagi «Marshal Ustinov». «Moskva» - ularning eng eskisi, 2019 yilda u kapital ta’mirdan chiqarilgan.

Urushning 50-kuni Rossiya tomonining ulkan yo‘qotishi bilan yodda qoladigan bo‘ldi -  Qora dengiz floti flagmani, «Moskva»  kreyseri safdan chiqdi. 14 aprelga o‘tar kechasi kreyser halokat signali yuborishni boshlagan, ammo Rossiya nashrlari bu haqda faqat bugun keng jamoatchilikka xabar berdi.

Ularning versiyasiga ko‘ra, bortda o‘q-dori portlagan va bu yong‘inga sabab bo‘lgan.

Kreyser chindan yongan, ammo Kiyevdagilarning ma’lum qilishicha, bu ukrain harbiylari «Neptun» rusumli kemalarga qarshi qanotli raketalari yo‘llashi oqibatida sodir bo‘lgan.

Ayni vaqtda kreyserning holati bo‘yicha ishonchli ma’lumot yo‘q. Rossiya mudofaa vazirligi korabl «suzuvchanligini saqlab qolgani» va ayni vaqtda shatakka olinib, eng yaqin port tomon olib ketilayotganini ma’lum qilgan.

Ukraina va G‘arbdagi ayrim manbalar esa kreyser cho‘ka boshlagani to‘g‘risida xabar qilishgan.

Ukraina tomoni ma’lumotiga ko‘ra, hodisa ro‘y bergan vaqtda kema turgan joyda kuchli shtorm ko‘tarilgan.

Litva mudofaa vaziri Arvidas Anushauskas turkiyalik dengizchilar kemadagi rossiyalik dengizchilarni qutqarib qolgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, u ruminiyalik va turkiyalik harbiylar kema cho‘kib ketganini ma’lum qilishgani haqida aytdi.

BBC turk xizmati bilan gaplashgan turkiyalik amaldorlardan biri Turkiya dengizchilari kemadan rossiyaliklarni qutqarib olgani haqidagi xabarni rad etdi, kema cho‘kib ketgani haqidagi ma’lumotni izohlashni istamadi.

AQSh Harbiy-dengiz kolleji qoshidagi Rossiyaning dengizdagi salohiyatini o‘rganish instituti direktori, professor Maykl Petersenning fikricha, «Moskva» kreyseriga qay darajada shikast yetganidan qat’i nazar, bu hodisa Ukraina uchun ramziy jihatdan ham, harbiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega.