Nashrlarning yozishicha, kreyserga raketalar otishdan oldin amerikaliklardan ma’lumot so‘ralgan. Qayd etilishicha, aynan AQSh kreyserni aniqlash va nishonga olish uchun uning joylashgan o‘rnini aniq belgilashda yordam ko‘rsatgan, zarba berish to‘g‘risidagi qarorni esa ukrain harbiylari o‘zi qabul qilgan.
NYT nashrining harbiy doiralardagi ikki manbasi Ukraina «Moskva» turgan joyni mustaqil aniqlagani, AQSh esa shunchaki ukrainlarning razvedka ma’lumotini tasdiqlab berganini ma’lum qilgan.
«Qora dengizda Rossiya harbiy kemasini payqagan ukrain harbiylari bu haqiqatan ham «Moskva» ekanini tasdiqlash uchun amerikaliklar bilan aloqaga chiqishgan. AQSh ijobiy javob qaytargan va uning joylashgan o‘rni bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan», degan CNN manbasi.

Nashrlarning anonim manbalari Ukraina tomonining korablga 13 aprel kuni ukrainlarning ikkita «Neptun» raketasi urilgani, shundan so‘ng u yonib, cho‘kib ketgani to‘g‘risidagi ma’lumotini tasdiqlagan.
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, AQSh «Moskva»ni nishonga olish uchun «muayyan maqsadli axborot bermagan». U rossiyaliklar kreyseriga zarba berish to‘g‘risida ukrainlar mustaqil qaror qabul qilgani va AQSh bu haqda oldindan xabardor bo‘lmaganini ta’kidlagan.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi nashrlarning bu xabarlarini mas’uliyatsizlik deb atagan.
Kirbining bayonotidan oldinroq Washington Post nashri harbiy idora vakili avval ham ishlatgan «maqsadli ma’lumot» (targeting information) iborasi qanday ma’no berishi haqida yozgandi: «AQSh nuqtayi nazariga ko‘ra, agar Ukraina razvedka ma’lumotlarini olsa va keyin mamlakat mudofaasi uchun chora ko‘rishga qaror qilsa, Qo‘shma Shtatlar unga kimgadir hujum qilish kerakligini ko‘rsatadigan ma’lumotlarni taqdim etgan hisoblanmaydi».
BBC korrespondenti Pavel Aksenov:
Amerika nashrlari manbalarining raketalari «Moskva» kreyserini cho‘ktirgan Ukrainaning «Neptun» sohil raketa majmuasi kema joylashuvini AQSh razvedkasi ma’lumotiga asoslanib aniqlagani haqida bergan ma’lumoti Vashingtonni noqulay holatga tushirib qo‘ydi, chunki buni to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlarda ishtirok etish sifatida ham talqin qilish mumkin. Materialda aytilishicha, amerikaliklar korablni topib, uning qanday kema ekanini qayd etib, joylashuvini aniqlagan va bu ma’lumotlarni ukrainlarga taqdim etgan, shundan keyin «Neptun» majmuasi mustaqil ravishda raketalar uchirishga qaror qilgan.

















