BBC surishtiruvlariga ko‘ra, rus oligarxlari tomonidan sotib olingan mulklar orasida Angliya janubidagi ko‘p million funt sterlinglik dala hovlilar va Londonning eng qimmat joylarida joylashgan hashamatli kvartiralar bor.

Umuman olganda, Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlar boshlashi fonida AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi mingdan ortiq rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga sanksiya qo‘ydi.

Jamoatchilikka ochiq bo‘lgan ofshor hujjatlar, Buyuk Britaniya yer reyestri va sud hujjatlari hamda bu borada avvalgi hisobotlarda qayd etilgan ma’lumotlar asosida kimning nimaga egalik qilishi bo‘yicha surishtiruv natijalari e’lon qilindi.

Mart oyi boshida Buyuk Britaniya hukumati «Chelsi» futbol klubining egasi hisoblangan Roman Abramovichga nisbatan sanksiyalar kiritdi.

Qayd etilishicha, 55 yoshli milliarder Buyuk Britaniyada 50 dan ortiq hashamatli turar joylardan tarkib topgan katta mulk portfeliga ega, ularning aksariyati London g‘arbida joylashgan. Bundan tashqari, u Britaniyaning Fordstam Limited kompaniyasi yordamida Chelsea Village mavzesidagi o‘nlab kvartiralarga, shuningdek, «Stemford Bridj» stadioni atrofidagi mehmonxona va turar joy majmuasiga egalik qiladi.

Uning Londondagi eng qimmat mulki sifatida Billionaires Row ko‘chasida joylashgan 15 xonali uy ko‘rsatilgan. Abramovich g‘arbiy Londonda joylashgan ushbu hashamatli binoni 2011 yilda ofshor kompaniya orqali 90 million funt sterling evaziga sotib olgan. 2016 yilda esa yerosti suzish havzasini qurishni o‘z ichiga olgan 28 million funt sterling qiymatidagi rekonstruksiya qilish ishlari uchun ruxsat ham oladi, biroq loyiha amalga oshmay qolgan. Mahalliy kengashga taqdim etilgan hujjatlarda saroyning mavjud suzish havzasi «kichkina» va «noqulay» deya ta’riflangan.

Abramovich 2017 yilda King’s Road’da joylashgan va bahosi 8,7 million funt sterling bo‘lgan kvartirani sotib olishda ham Fordstam Limited kompaniyasi xizmatlaridan foydalanadi. Multimilliarder 2019 yilda Lots Road ko‘chasidagi uch qavatli penthaus uchun ham 22,3 million funt sterling to‘laydi.

Roman Abramovich ushbu ko‘chmas mulklar haqida BBC so‘roviga javob berishdan bosh tortgan.