Mariupolda nimalar bo‘lmoqda?
So‘nggi kunlarda strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu shahar uchun hal qiluvchi janglar bo‘lib o‘tmoqda. Bu shaharning egallanishi Rossiya uchun Ukraina janubi va Donbassni bog‘lash imkonini beradi.
14 aprel kuni «Azov» polki qo‘mondoni o‘rinbosari Svyatoslav Palamar Mariupol qamalini yorib o‘tishning imkoni borligi, ammo jangchilar mamlakat harbiy-siyosiy rahbariyatining qarorini kutayotganini ma’lum qildi.
15 aprel kuni «Ukrainskaya pravda» nashri shahar himoyasidagi dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondoni Sergey Volinning shaharni «yoki shoshilinch harbiy amaliyot o‘tkazish yoki siyosiy qaror orqali qutqarish mumkinligi» to‘g‘risidagi so‘zlarini keltirdi. U shaharni qamaldan ozod etish uchun «juda yaqin muddat ichida, tajribali qo‘mondonlar va zarur vositalarni jalb etgan holda» amaliyot o‘tkazish lozimligini aytgandi. Shu bilan birga, Volin himoyachilar taslim bo‘lmoqchi emasligini ta’kidlagan.
15 aprel kuni RF mudofaa vazirligi Mariupolda Ilich nomidagi metallurgiya kombinati rossiyalik harbiylar nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. 16 aprel kuni Reuters agentligi muxbirlari mazkur hududda bo‘lishdi. Bunga qadar bu yerda shiddatli janglar kechgan, ukrainalik harbiylar yerosti tunnellari va bunkerlarda yashiringan holda Rossiya armiyasining hujumlarini qaytarayotgandi.
Agentlikning qayd etishicha, zavod xarobaga aylangan: uning o‘rnida faqat metall va beton uyumlari qolgan. Ko‘chalarda esa jasadlar yotganini ko‘rish mumkin, ulardan kamida bir nafari ayol kishi. Bu odamlar qanday o‘lim topgani bo‘yicha ma’lumot berilmagan.
Mariupol meri maslahatchisi Petr Andryushchenko telegram-kanalida Rossiya kuchlari 18 apreldan shahar aholisi Mariupoldan chiqishi va shaharga kirishini taqiqlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. BBC muxbiri bilan gaplashgan mer o‘rinbosari Sergey Orlov esa bunday rejim bir necha kundan buyon amalda ekanini qayd etgan. Tumanlar orasidagi harakatni cheklovchi nazorat punktlari paydo bo‘lgan.

Oliy Radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Lyudmila Denisova ham Rossiyani shaharda qolgan erkaklarni «filtrlash»ni rejalashtirganlikda aybladi.
«Rossiyalik bosqinchilarning filtrlash lagerlarida mariupollik erkaklar so‘roq, telefonlarni va tanani tekshirish ishlaridan keyin guruhlarga ajratiladi va qo‘shimcha so‘roqlar o‘tkaziladi va qo‘rqitiladi», deya yozgan u.


















