Voqealar rivoji
Rossiya mudofaa vazirligi 14 aprelga o‘tar kechasi Qora dengiz floti flagman kemasi «Moskva» kreyserida yong‘in chiqqani haqida xabar berdi. Bungacha Odessa oblasti ma’muriyati kreyserga raketa zarbalari yo‘llanganini ma’lum qilgandi.
«Interfaks» agentligi 14 aprel kuni RF mudofaa vazirligiga tayanib bergan xabarida kreyser ekipaji «to‘liq evakuatsiya qilingani» haqida yozgan. Yong‘inga «o‘q-dori portlashi» sabab bo‘lgani, kema jiddiy shikastlangani aytilgan.
Shu kuni kunning ikkinchi yarmida mudofaa vazirligi kema suzuvchanligini saqlab qolgani, yong‘in o‘chog‘i bartaraf etilgani haqida xabar qildi. Ammo kechga borib vazirlik shatakka olingan «Moskva» baribir «bo‘ronli dengiz sharoitida» va yong‘in vaqtidagi shikastlanish tufayli barqarorligini yo‘qotib, cho‘kib ketganini tan oldi.
«Avval xabar qilinganidek, kreyser ekipaji Qora dengiz flotining mazkur hududdagi kemasiga evakuatsiya qilingan», deyilgan bu xabarda. Ammo endi «to‘liq» so‘zi tushib qolgandi.

Kema ekipaj a’zolari soni qancha bo‘lgani ma’lum emas. OAVda 500 dan 700 gacha bo‘lgan raqamlar keltirildi. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich korablda 510 nafar dengizchi bo‘lganini aytdi. Rossiya hukumati shu vaqtga qadar hodisadan oldin «Moskva»da qancha odam bo‘lgani va ulardan qanchasi evakuatsiya qilingani, halok bo‘lganlar borligi to‘g‘risida ma’lumot bermadi.
MRBning sobiq rahbari Devid Petreus CNN efirida «Moskva» kreyseri bilan bog‘liq vaziyatda rossiyalik harbiylar o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda hodisani yashirishga deyarli urinmaganidan hayronligini aytgandi. «Men ular [rossiyalik harbiylar] buni tan olishganidan hayronman. Avvalroq, bugun ham, ular kreyser Sevastopol portiga olib ketilayotganini aytishgandi», degan u.
15 aprel kuni Sevastopolda «Moskva» kreyseri bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Unda harbiy-dengiz kuchlari faxriylari va rohib ishtirok etgan. Olib kelingan guldastada «korabl va dengizchilar» yozuvi bitilganini ko‘rish mumkin.

«Moskva» kreyseri ekipaji aks etgan kadrlar
16 aprel kuni Rossiya mudofaa vazirligi cho‘kib ketgan «Moskva» kreyseri ekipaji a’zolari Sevastopolda Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni, admiral Nikolay Yevmenov bilan uchrashgani aks etgan videokadrlarni e’lon qildi.



















