“Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar Ichki ishlar vazirligiga biriktirilib, “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari deb nomlandi.
Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda boshqa tibbiy muassasalarning malakali shifokorlari jalb etilgan holda, “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilarini davolash-sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha “Nurli maskan” maktablari hududiga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilib, ular tegishli hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilinadi.
2022/2023 o‘quv yilidan:
- “Nurli maskan” maktablarining Brayl yozuvidagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, badiiy hamda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar, turli ixtisoslik va yo‘nalishlardagi bosma va audiokitoblarga ehtiyoji har 6 oyda o‘rganiladi va shu asosda adabiyotlar ro‘yxati shakllantirib boriladi;
- ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun belgilangan viloyat va respublika fan olimpiadalari bitiruvchi sinflar o‘quvchilari uchun alohida tashkil etiladi;
- “Nurli maskan” maktablari o‘quvchilari uchun axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi;
- OTMning tegishli ixtisoslik va yo‘nalishlari bo‘yicha Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlarni chop etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualar chop etuvchi nashriyot-matbaa korxonalari bilan deklaratsiya qilingan narxlar asosida belgilangan tartibda shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.
2022 yil sentabrdan “Nurli maskan” maktablarida o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida zamonaviy jihozlangan ijtimoiy va maishiy yo‘nalishdagi majmua (o‘quv ustaxona)lar tashkil etiladi.
Inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan ta’lim muassasalarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning yaqin qarindoshlariga ular bilan birga darslarda qatnashish imkoniyati yaratiladi.















