18-19 aprel kunlari Turizm va madaniy meros vazirligi, madaniy meros agentligi hamda Xorazm viloyati hokimligi jurnalistlar uchun Xorazm viloyatiga infotur tashkil qildi. Kun.uz muxbiri Xorazmning Yangiariq tumanida joylashgan kulolchilik markazidan fotoreportaj tayyorladi.

XX asr boshlaridan bugungacha Xorazmda Ko‘hna Urganch (marhum Eshmurot usta), Xiva, Madir (Xonqa yaqinidagi qishloq) va Kattabog‘ (Yangiariq) kulollar maktabi faoliyat ko‘rsatadi. Yangiariq tumanidagi kulolchilik markazi kulollarning bir necha avlodini birlashtirgani, qo‘l mehnati bilan oila tebratayotgan ustalarning kulolchilik haqidagi qiziq hikoyalari bilan diqqatga sazovor joy.

Kulolchilik markazi 2020 yil may oyida ochilgan. Markazda kulollar oilaviy ishlab ro‘zg‘or tebratadi. Yangiariq tumanining Kattabog‘ qishlog‘ida ilgari kulollar oilasi yashagan. Hozir bu yerda kulolchilarning 6-7-avlodlari faoliyat yuritadi.

Avvaldan mahalliy aholi orasida kulolchilik idishlariga ehtiyoj katta bo‘lgan. Hozir ular mahalliy bozorlarda sotiladi. Bundan tashqari, zangori kulolchilik idishlari eksport ham qilinadi. Sopol idishlar Xiva, Urganch, Hazoraspga olib chiqib sotiladi, shuningdek, bu yerdagi kulollar xorij va O‘zbekistondan buyurtmalar oladi.

“Bizning kulolchiligimiz oddiy xalq uchun. Oddiy xalq orasida sopol idishlar ishlatiladi. Xorazmda to‘ylar katta bo‘ladi, to‘ylarga biz 200-300ta idishlar tayyorlab beramiz.To‘y egalari to‘ydan keyin idishlarni kam ta’minlangan oilalarga, mahallaga beradi”, – deydi usta kulol Ro‘zmat Shermatov.

Ustalar idish yasash uchun qizil tuproqni Qoraqalpoq hududidagi Sulton Uvays tog‘idan olib keladi. Ayrim idishlar oddiy qishloq tuprog‘idan yasaladi. Tayyor milliy sopol idishlarning narxi 4-5 ming, eng qimmati 10 ming so‘m turadi.

Zangori kulolchilik idishlari oddiy tuproqdan yasalgan milliy sopol idishlardan 10 barobar qimmatroq. Chunki ularni tayyorlash uchun kulollar tog‘dan qizil tuproq olib keladi, ko‘proq ishlov beradi. O‘z navbatida, zangori va oddiy sopollar sifat jihatidan ham farqlanadi.





















