Akramxon Yunusov dastlab eski buyumlar sotiladigan joyda savdo-sotiq qildi. Uning hunar o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi aynan bozorda shakllandi. Hunarmand bilan suhbatimiz kandakorlik kasbi, uning o‘ziga xos jihatlari haqida bo‘ldi.

«Bir muddat eski buyumlar sotiladigan bozorlarda savdo-sotiq qilib yurdim. Toshkentdagi Yangiobod bozoriga bordim, u yerda sotiladigan san’at asarlarini ko‘rib kandakorlikka qiziqib qolganman.
Yangiobodda misgarlarning ish jarayonlarini ko‘rdim, menda o‘sha yerda hunarmandchilikka ko‘nikma hosil bo‘lgan. Shundan keyin Marg‘ilon shahriga kelib bu hunarni o‘rganmoqchi bo‘lganimda ustozlar kandakorlik murakkab kasbligi, hunarni o‘zlashtirish uchun kamida 5 yil vaqt ketishi haqida ta’kidlashgan. Oilada ro‘zg‘or tebratish mening gardanimda ekanligi bois hunar o‘rganishni ortga surishga majbur bo‘lganman. Sohani o‘zlashtirishga astoydil intilish bo‘lganidan uyda mustaqil ravishda metallarga ishlov berishni o‘rgana boshladim.

Oradan bir oz muddat o‘tib, A’zamxon ismli hunarmandga shogirdlikka tushdim. O‘sha yerda sekin-astalik bilan sohani o‘rgandim», – deydi hunarmand.
Hunarmandning ikki o‘g‘li otasidan kandakorlik san’atini o‘rganishdi. To‘ng‘ich o‘g‘il Muhammadalixon naqsh chizsa, kichigi Muhammadyusufxon idish yasaydi.
«Eski buyumlar sotiladigan bozordan mis lagan, patnis va listlarni topib, uni har xil shaklga keltiramiz. Bu san’at turida qolip va andoza bo‘lmaydi. Masalan bitta choynak o‘rtacha hisobda bir hafta yoki 10 kunda tayyor bo‘ladi.
Katta o‘g‘lim Muhammadalixon naqsh chizib beradi. Kichik o‘g‘lim Muhammadyusufxon idishlar yasaydi. Kelajakda ikki o‘g‘limni yetuk usta qilib yetishtirmoqchiman.

Bu hunarni o‘rganish yo‘lida boshimdan ko‘p qiyinchilik o‘tgan. Ancha-muncha usta-hunarmandlar o‘z san’atini o‘rgatgisi kelmadi. Shunga qaramay, shogird bo‘lib oylab, yillab yurmadim.
Avvalo biror buyum yasashdan avval listni qirqib, uni doira shakliga keltirib olamiz va bir-biriga bog‘laymiz. Chokini esa avtogen yordamida ulaymiz. Ulash jarayonida idish dumaloq shaklga keladi. Dupoyada aylantirib urib chiqamiz. Bolg‘acha yordamiga idishni urib-urib san’at asarini istalgan shaklga keltiramiz. Qopqoq ham xuddi shunday alfozda qilinadi. Jo‘mragini yasash jarayoni murakkabroq.

















