«Real» yirik mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Benzema esa «Oltin to‘p» uchun loyiqligini yana bir bor namoyish etdi.

Manchester Siti — Real 4:3
26 aprel, «Etihad»
Gollar: de Bryuyne (2), Jyezus (11), Foden (53), Silva (74) — Benzema (33, 82 penalti), Vinisius (55).
Manchester Siti – Ederson, Stounz (Fernandino, 36), Laport, Diash, Zinchenko, de Bryuyne, Bernardu Silva, Rodri, Foden, Marez, Gabriel Jyezus (Sterling, 83).
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba (Nacho, 46), Militao, Mendi, Modrich (Sebalos, 79), Kroos, Valverde, Benzema, Vinisius Junior (Asensio, 88), Rodrigo (Kamavinga, 70). 
Ogohlantirishlar: Fernandino (81), Nacho (90+3).

Karlo Anchelotti o‘z vaqtida Pep Gvardiolaga faoliyatidagi eng yirik mag‘lubiyatni taqdim etgan. 2013/14 yilgi mavsum yarimfinalida papa Karlo boshchiligidagi «Real» Pepning «Bavariya»sini ilojsiz qoldirib (1:0, 4:0) orzudagi Desima tomon qadam tashlagan va finalda ham g‘alaba qozonib o‘ninchi bor Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, aynan o‘sha vaqtda «Gvardiola sindromi» paydo bo‘lgan, u muhim o‘yinlar arafasida hadiksirab, jamoa uchun noodatiy bo‘lgan qandaydir rejalar o‘ylab topishga odatlangan. Bunga klassik namuna — 2020 yilda yarimfinalda jamoa «Lion»ga mag‘lub bo‘lib turnirni tark etishi bo‘lgandi.

Ammo bu safar Pep hech qanday yangi narsa o‘ylab topib, donolik qilmadi. Shu bilan birga mas’uliyatdan qochish odatini kanda qilmadi — markaziy hududda Rodrining yonida Ilkay Gundo‘g‘an emas, Kevin de Bryuyne va Bernardu Silva chiqdi. Bu esa o‘zini oqladi.

«Real»da o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida bo‘lgan yoki qatnashmasligi aniq bo‘lgan futbolchilar bir guruh bo‘ldi – David Alaba, Ferlan Mendi, Kazemiro, Garet Beyl, Marselo, Xesus Valexo, Eden Azar, Luka Yovich va Mariano Dias. Bunday yo‘qotishlar tufayli Karlo Anchelotti o‘zini ham zaxira futbolchisi sifatida zayavkaga kiritishi mumkin edi. Ammo barchasi kutilganidek dahshatli bo‘lib chiqmadi: dastlabki ikki futbolchi asosiy tarkibga kirdi, yana to‘rt nafari zayavka qilindi va faqat Azar, Yovich va Dias yarimfinal o‘yinini muxlislar qatorida tomosha qiladigan bo‘lishdi.