Asxat Nizomiddinov – 26 yillik tajribaga ega veterinar vrach. “Ohalik-Lomann-Parranda” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi, “Maroqand Parranda” O‘zbekiston-Amerika QK, “Virtex-Agro” O‘zbekiston-Rossiya-Amerika QK, “Original-Maks-Lyuks” FX korxonalarida parrandalarni parvarishlash bilan shug‘ullangan va hozirgi kunda ham faoliyatini davom ettirib kelmoqda

— Asxat aka, Andijondagi holat bilan tanishdingiz. Umuman olganda, kambag‘al aholiga tovuq tarqatish qay darajada o‘zini oqlaydi deb o‘ylaysiz?

— Kam ta’minlangan oilalarga daromad manbai yaratish uchun 100 tadan tovuq berish yaxshi fikr. Ammo bu rejani amalga oshirishga kelganda ko‘plab xato va kamchiliklar ko‘zga tashlanib qoldi. Eng asosiysi, parrandachilik bo‘yicha yetarli tajribaning yo‘qligi. Tovuq ham tirik jonzot, mashina yoki mexanik qurilma emas. Tirik jonzotga doimiy e’tibor zarur.

Parrandalarning, birgina tovuqning yuzlab kasalliklari bor: virusli, bakteriyali, parazitli va boshqalar. Bu kasalliklardan parrandalarni asrash uchun chora-tadbirlarni avvaldan ko‘rish kerak bo‘ladi. Shunday kasalliklar borki, bir necha soat ichida tovuqni nobud qiladi, shundaylari bor, tovuq organizmiga yil davomida zararli ta’sir ko‘rsatib keladi. Ba’zi bir kasallik bir parrandaga yuqsa, bir necha kun ichida barcha parrandalarni nobud qilishi ham mumkin. Yana shunday kasalliklar borki, har to‘rt haftada parrandalarni shu kasallikka qarshi emlash zarur. Ana shuning o‘zi ham bu soha naqadar murakkab va e’tibor talab qilishini ko‘rsatib turibdi.

Izoh: Andijon viloyati hokimligi parrandalar tarqatilishidan oldin 19 turdagi vaksina bilan emlanayotganini ma’lum qilgan.

— O‘zi aholiga ommaviy tarqatilayotgan tovuqlar xonaki sharoitda yashay oladimi?

— Muammoning jiddiysi ham shunda. Yirik parrandachilik korxonalarida tizimning barcha bosqichlari qamrab olinadi va umumiy zanjir uzluksiz nazorat qilinadi. Ya’ni jo‘ja ochirish uchun tuxum olishdan boshlab tovuq go‘shti-yu, patlarini sotishgacha.

Bu bosqichlarning har birida alohida xodimlar ishlaydi va ular istasa-istamasa o‘z sohasining ustasi hisoblanishadi. Sodda qilib aytganda kimdir faqat inkubatorda, yana kimdir tuxum olishda, kimdir ozuqa tayyorlashda va boshqa xodimlar go‘sht tayyorlashda band bo‘lishadi. Bu bosqichlarning barchasini kichik shaklda tashkillashtirishning amalda iloji yo‘q.