O‘zbekiston | 12:14 / 30.04.2022
81703
2 daqiqa o‘qiladi

 “Ular nega xalqiga xiyonat qildi?” - professor Zarifboy Ibodullayev “Guangzhou”dagi ishlarga ko‘z yumgan vatandoshlar haqida

Bir necha kun avval “Guangzhou medical of China” MChJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari bilan bog‘liq faoliyat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev Kun.uz’ga bergan intervyusida “Guangzhou”dagi ishlarga ko‘z yumgani uchun uning o‘zbekistonlik xodimlaridan darg‘azabligi haqida gapirdi.

“Men “Guangzhou” klinikasi OAVda reklama qilib boshlangan ilk kunlardayoq hayron qolgandim. Chunki unda aytilayotgan faktlarni reallikka umuman solishtirib bo‘lmaydi.

Klinikaning 42 ta filiali bor ekan. Xo‘sh, bu filiallarning barchasiga aytilgan dori vositalari, masalan, jyenshenni Xitoydan yetkazib berish uchun har kuni kamida 6 ta samolyot tinmay O‘zbekistonga uchishi kerak emasmidi?

Nega bu ishlar shu paytgacha vazirlik yoki bojxonachilar tomonidan nazorat qilinmadi?

Zarifboy Ibodullayev

Bundan tashqari, mayli, bu klinikada boshqaruvchilar xitoyliklar ekan, lekin ishchilar o‘zbeklar-ku! Nega ular xalqini aldashdi? Nega ular o‘z xalqiga xiyonat qilishdi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardagi bo‘sh dori qutilariga e’tibor bergan bo‘lsangiz, ularning aksariyatiga “aspirin” va “indamitatsin” deya yozilgan. Bu dorilar shunchaki og‘riqni qoldirish uchun. Odamlar ana shu dorilarni ichgan va og‘rig‘im qoldi, deya yuravergan.

Axir o‘sha dori qutilarini kim bo‘shatgan? Kim dori tayyorlagan? O‘zimiznikilar emasmi?

Nega davlat va deputatlar buni nazoratga olmadi?” – deya hukumat va deputatlarni savolga tutdi Zarifboy Ibodullayev.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid