“Guangzhou” ishi doirasida xitoylik Xe Kiang va uning o‘g‘li Xe Feng jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, qidiruvda bo‘lgan Xe Kiang 2024 yil 19 dekabrda, Xe Feng esa 2024 yil 27 noyabrda Qozog‘istonda ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ota va o‘g‘il 2020 yil noyabridan Toshkent shahridagi “Guangzhou Medical of China” klinikasida shifokor bo‘lib ishlab kelgan.

Xe Kiang va Xe Feng tibbiy usuldan foydalanmagan holda tashxis qo‘yib, igna sanchish muolajasi va maxsus dori vositalari yordamida kasallikdan tuzalib ketishini aytgan holda fuqarolarga sifatsiz dori vositalarini aldov yo‘li bilan o‘tkazgan. So‘ngra bemorlar tomonidan amalga oshirilgan to‘lov pulini o‘zaro taqsimlab, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Jumladan, Xe Kiang o‘zganing mulkini aldash va ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida “Guangzhou” klinikasiga murojaat qilgan B.N.ga igna sanchish muolajasi va maxsus dori vositalari yordamida kasallikdan tuzalib ketishini aytib, sifatsiz dori vositalarini aldov yo‘li bilan o‘tkazgan. Undan olingan 5 mln 550 ming so‘mni esa shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.

Ota va o‘g‘il ayni shu shaklda 100 nafar fuqaroni aldab, ularning turli miqdordagi pullarini qo‘lga kiritib, o‘zaro taqsimlab olgan.

Xe Kiang sudda aybiga iqrorlik bildirgan.

2020 yil noyabr oyida o‘g‘lim Xe Feng bilan birga Toshkent shahriga, ya’ni tanishlarim Li Jun Chao va Jao Dan tomonidan tashkil etilgan “Guangzhou Medical of China” klinikasida ishlash uchun keldik. Klinikada men va o‘g‘limdan tashqari yana 4 nafar xitoylik va o‘zbek millatiga mansub xodimlar ham ishlagan. Klinika yaqinida bo‘lgan ko‘p qavatli uydan ijaraga xonadon olib, o‘g‘lim bilan yashadik.

Klinikani Li Jun Chao va Jao Dan boshqargan. Mening vazifam klinikaga kelgan bemorlarga igna sanchib davolash bo‘lgan. Shuningdek, men kelgan bemorlarni xitoy xalq tabobati orqali davolash maqsadida ularga turli dori vositalarni tavsiya asosida yozib berganman. Mazkur usul bilan davolash va ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun menda tegishli sertifikat bo‘lgan. Bajargan ishlarim uchun har oyda 1 300 dollar maosh olganman.

Klinikada taxminan 2021 yil iyul-avgust oylariga qadar ishlab keldim. So‘ngra Jao Dan maoshimni vaqtida bermagani sababli klinikadan ketdim. 2022 yil taxminan mart-aprel oylarida o‘g‘lim bilan birga Xitoyga qaytib ketdik”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.