«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov pedofillarni bichish, izolyatsiya qilish va ochiq reyestrini yuritish amaliyotini qonunchilikka kiritish taklifini bildirgandi. Ushbu masala keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz bu borada faollar va mutaxassislar fikriga quloq tutdi.
Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonda pedofiliya jinoyatlarini alohida qonunchilikka kiritish vaqti allaqachon kelganini ta’kidlaydi.
«O‘zbekistonning qonun hujjatlarida pedofiliya jinoyatlariga nisbatan alohida to‘xtalish yo‘q. Holbuki, jahon miqyosida, xalqaro me’yorlarda bu jinoyat aniq ko‘rsatilgan. Har bir mamlakatda jinoyat o‘sib borish nuqtayi nazaridan ularga nisbatan jazo choralari belgilanadi. Masalan, Qozog‘istonda yaqinda qabul qilingan me’yorlarga ko‘ra pedofiliya jinoyatida ayblangan shaxslar jarrohlik yo‘li bilan bichish orqali jazolanadigan bo‘ldi va boshqa qamoq jazolari ham bor.
O‘zbekistonda pedofiliya jinoyatlarini tasniflash, kvalifikatsiya qilish masalasi ilgaridan og‘ir bo‘lgan, qonun me’yorlarida bu narsa yo‘q. Ya’ni bizda pedofiliya uchramaydi degan aqida bor edi va bunday jinoyatlar turi ancha-muncha yashirilardi. Fikrimcha, jinoyatlarni o‘sib borish tendensiyasi yoki jinoyatlar sodir etilish soniga qarab belgilash kerak. Chunki pedofiliya jinoyatlarini alohida tarzda qonunchilikka kiritish vaqti kelgan va hatto kechga ham qolindi», — deydi u.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayevning fikricha pedofillarni kastratsiya qilish joriy etilishi nafaqat jinoyatchilarni jazolash, balki profilaktik ahamiyatga ham ega.
«Yigirma nafar odam suitsid xayolida yurgan bo‘lsa, ulardan bittasi shuni amalga oshiradi, deyiladi. Balki, O‘zbekistonda 10 kishi pedofillik xayolida yurib, vaziyat topolmaganidan amalga oshirolmayotgandir. Demoqchimanki, har qanday vaziyatda profilaktika katta rol o‘ynaydi. Agar qonun qabul qilsak, pedofiliya keskin kamayadi, bunaqa xayolda yurganlar ham fikridan qaytadi»,


















