Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i — Rossiya mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari general Valeriy Gerasimov rossiyalik harbiylar yurish qilayotgan Ukraina sharqiga tashrif buyurgan. Bu haqda The New York Times (NYT) Ukrainadagi manbasi, shuningdek shaxsi sir tutilishini so‘ragan ikki nafar amerikalik mulozimga asoslangan holda xabar tarqatgan.
AQShdagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Gerasimov Ukraina sharqida bir necha kun o‘tkazgan. «Bizning ishchi gipotezamizga ko‘ra, u shu yerda bo‘lgan, chunki [Rossiya armiyasi qo‘mondonligi] hamon o‘z muammolarini hal qila olmagan, degan tushuncha bor», — degan amerikalik rasmiylardan biri.
Ukraina hukumati vakili NYT nashriga Kiyev Gerasimovning tashrifi haqida xabardor bo‘lganini aytgan. Ukrainadagi Defense Express nashri 27 aprel kuniyoq o‘z manbasiga asoslangan holda Gerasimov Izyum yo‘nalishida Rossiya qo‘shinlariga shaxsan rahbarlik qilishi va RF qurolli kuchlarining Xarkov oblastidagi Izyum shahri hududida joylashgan qo‘mondonlik punktiga tashrif buyurgani taxmin qilinayotgani haqida yozgandi.
Ukraina hukumati vakilining so‘zlariga ko‘ra, Gerasimov 30 aprel kuni kunduzi Izyumdagi 12-sonli maktabga kelgan, bu yerda Rossiyaning 2-umumqo‘shin armiyasi va Rossiya havo-desant qo‘shinlarining qo‘mondonlik punkti joylashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni kechqurun ukrainlar armiyasi maktabga zarba bergan — ammo Gerasimov bu vaqtda obektni tark etgan va Rossiyaga qaytib ketgandi.
NYT nashrining Ukrainadagi manbasi xabar qilishicha, zarba oqibatida 200 nafar atrofidagi rossiyalik harbiy xizmatchilar halok bo‘lgan, dastlabki xabarlarga ko‘ra, ular qatorida general-mayor Andrey Simonov ham bor. «Obektni yo‘q qilish qarori Gerasimov tufayli emas, bu muhim operatsion baza bo‘lgani tufayli qabul qilingan», — degan u.
NYT’ning AQShdagi manbalari rossiyaliklar bazasiga berilgan zarba haqida ma’lumotga ega emas.
Ukrainada avvaliga Gerasimov halok bo‘lgani, keyin esa yaralangani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo, katta ehtimol bilan bu to‘g‘ri emas
Ukrainada bu zarba haqida ikki kun avval yoza boshlashgan edi. 30 aprel kuni «Insayder Ukraina» telegram-kanali «razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, 100 ga yaqin «200-yuk» [zarba oqibatida halok bo‘lganlar] borligi, dastlabki ma’lumotlarda qurbonlar qatorida shtab boshlig‘i ham borligi keltirilayotgani» aytildi. 1 may kuni ushbu telegram-kanal «Gerasimov omon qolgani, ammo yaralangani» haqida xabar tarqatdi.

















