Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Sariosiyo tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda, tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari o‘quvchilarning ota-onalari to‘lagan 207,7 million so‘m badal pullarini bank muassasasiga topshirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 115 mln so‘mi undirilishi ta’minlangan.

Shuningdek, departamentning Sho‘rchi tuman bo‘limi tomonidan tuman elektr tarmoqlari korxonasining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda, korxonaning sobiq huquqshunosi I.J. (muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan) 28 nafar fuqaroning elektr energiyasidan qarzdorligini yo‘q qilib berish evaziga 47 million so‘m naqd pulini qo‘lga kiritgani aniqlangan. Tekshiruv davomida I.J. o‘z aybiga iqror bo‘lib 2,2 million so‘mni qaytargani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.