O‘zbekiston | 16:11 / 09.05.2022
17873
2 daqiqa o‘qiladi

Eslatma: Bitiruvchilar oliygohga kirishi uchun ID-kartasi bo‘lishi kerak

Oliygohga hujjat topshirish uchun maktab bitiruvchilari ID-karta olishlari kerak. Qabul boshlanganida navbatlar ko‘payib ketishi mumkin, shuni inobatga olib ID-karta olishni oxirgi kunlargacha taqamang.

Qariyb ikki haftadan so‘ng maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinib, imtihonlardan keyin bitiruvchilar attestat oladi. Aynan attestat va pasport (yoki ID-karta) oliygohga kirish uchun ariza topshirishda talab etiladigan asosiy hujjatlardir.

Biroq OTMlarga qabul boshlanishiga oz vaqt qolayotganiga qaramay, 11-sinf bitiruvchilari orasidan minglab yoshlar allaqachon 16 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, hali ID-karta olmagan.

Ta’lim tizimi mas’ullarining bildirishicha, qabulga yaqin qolganda ID-karta olishga urinish uzun navbatlarni yuzaga keltirishi mumkin, shu bois ota-onalarga so‘nggi kunlarga qoldirmay, tezroq farzandlarining ID-karta olishini ta’minlashlari tavsiya etiladi.

Bir necha hafta oldin Xalq ta’limi vazirligi 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining 122 ming nafari (31 foiz) hali ID-karta olmaganini ma’lum qilgandi.

ID-karta olish uchun ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat etish lozim. 16 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga 10 yil muddatga beriladigan karta (pasport) 1 ish kuni davomida rasmiylashtirib beriladi. Xizmat uchun BHMning 89 foizi (240 300 so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi.

  • Oliygohga hujjat topshirishda nafaqat ID-karta, balki muddati o‘tmagan biometrik pasportdan ham foydalanish mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 yanvardan 2011 yil namunasidagi (yashil) pasportlarni berish to‘xtatilib, o‘rniga ID-kartalar joriy etilgan.

Mavzuga oid