Krasnoyarsk o‘lkasi

Yong‘in shanba kuni Krasnoyarsk o‘lkasidagi yigirmaga yaqin punktlarini qamrab oldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, regionda yetti kishi halok bo‘lib, 19 kishi yaralangan, ularning olti nafari o‘t o‘chiruvchilar. Shanba kuni Talajanka va Nikolsk qishloqlarida besh kishi, Achinskdagi yong‘inda yana ikki kishi halok bo‘lgan.

Rasmiylar xabariga ko‘ra, Krasnoyarsk o‘lkasida anomal yong‘inlar tufayli 518 ta turar joy, 309 ta imorat va 61 avtomobil jiddiy zararlangan yoki butkul yakson bo‘lgan. Avvalroq Rossiya o‘rmon xo‘jaligi bir necha aholi punktlarid 350 uy to‘liq yonib ketganini xabar qilgandi.

Hukumat yong‘in sababi elektr uzatish liniyasidagi qisqa tutashuv bilan bog‘liq ekanini aytishgan: elekr uzatish liniyasi kuchli shamollar tufayli shikastlangandi, shamol olov keng tarqalishini ham ta’minlagan.

«Interfaks»ning yozishicha, shamol tezligi soniyasiga 40 metrni tashkil etgan, natijada daraxtlar yiqilishi, elektr uzatish liniyalari ustma-ust tushishi bir vaqtning o‘zida ko‘plab hududlarda yong‘in chiqishiga olib kelgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, kuchli shamollar yong‘inni o‘chirishda aviatsiyadan foydalanishga imkon bermayapti.

Ommaviy yong‘inlar tufayli Krasnoyarsk o‘lkasida favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Yong‘inga qarshi kurash ishlari 13 rayonda olib borilmoqda. TASS xabariga ko‘ra, ayni vaqtda uyi yonib ketganlarning ko‘pchiligi qarindoshlarinikida qolmoqda.

Foto: TASS

Kemerovo oblasti

Kemerovo oblastining Tyajinskiy okrugida to‘rt kishi yong‘in qurboniga aylangan. «Interfaks» agentligi navbatchi dispetcherlik xizmatiga asoslanib xabar berishicha, bu hududda 143 uy yonib ketgan, 224 kishi boshpanasiz qolgan, odamlar vaqtincha qarindoshlarinikida joylashgan.

FVVning hududiy boshqarmasiga ko‘ra, Irkutsk oblastining Bratsk va Tayshetsk rayonlaridagi yong‘inlar bartaraf etilgan.

Irkutsk oblasti

Irkutsk oblastidagi yong‘inlar natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, gubernator Igor Kobzevning xabar berishicha, regionda favqulodda holat rejimi kiritilgan. Yakshanba kuni hududda 30 dan ortiq yong‘in o‘choqlari qayd etilgan.