Ukrainalik jurnalistlar Pulitser mukofoti bilan taqdirlandi
Ukraina ommaviy axborot vositalari vakillari 2022 yilgi maxsus Pulitser mukofotini «Rossiya bosqini vaqtidagi jasorat, chidamlilik va haqiqatni yoritishga sodiqligi» uchun oldi.
Pulitser mukofoti hakamlar hay’ati o‘z vatanida Rossiya tomonidan boshlangan urushni «jasorat va matonat» bilan yoritgan ukrainalik jurnalistlarga maxsus mukofot topshirdi. 9 may, dushanba kuni Nyu-Yorkda nufuzli media mukofoti sovrindorlari nomi e’lon qilindi.
«Alohida e’tirof» nominatsiyasi bo‘yicha mukofot ukrainalik jurnalistlarga Vladimir Putinning mamlakatga shafqatsizlarcha bostirib kirishi va Rossiyadagi targ‘ibot urushi chog‘ida jasorat, matonat va haqiqatni yoritishga intilishi uchun» berildi, deyiladi mukofot saytida.
Qayd etilishicha, «portlashlar, o‘g‘irlashlar, bosib olish va hattoki o‘lim holatlariga qaramay, ular qat’iylik bilan dahshatli voqelikning to‘g‘ri tasvirini berishga harakat qilmoqda, bu esa Ukraina va butun dunyo jurnalistlariga munosibdir».
Pulitser mukofotini «Jamiyatga xizmatlari uchun» asosiy nominatsiyasida Amerikaning The Washington Post gazetasi qabul qilib oldi. U 2021 yil 6 yanvarda AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp tarafdorlari tomonidan Kapitoliyga bostirib kirish jarayoni batafsil yoritilgani uchun mukofotlandi.
Shuningdek, The Miami Herald, The Tampa Bay Times, The New York Times, Getty Images, The Los Angeles Times va boshqa nashrlar jurnalistlariga turli nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar topshirildi.
Pulitser mukofoti AQShdagi eng nufuzli jurnalistika mukofotlaridan biridir. U 1917 yildan beri har yili Amerika nashrida e’lon qilingan materiallar uchun beriladi. 2022 yilgi laureatlarning to‘liq ro‘yxati mukofot veb-saytida e’lon qilingan.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024