Bu 2022 yil bahoridagi dastlabki iste’folar hisoblanadi. Yana bir gubernator esa sentabrdagi saylovlarda yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymasligini aytdi. Bu yil Rossiya prezidentining Ukrainaga qarshi boshlagan urushi ichki siyosatga soya solmoqda. OAV gubernatorlik saylovlari urush va sanksiyalar sababli bekor qilinishi yoki qoldirilishi mumkinligi haqida yozgandi. Ammo hozircha bunday bo‘lmadi. Saylovlarga to‘rt oy qoldi.

Tomsk oblasti

«20 yanvar kuni 65 yoshga to‘ldim. Barcha erkaklar qalban bola bo‘lsalar-da, baribir men mamlakatdagi eng yoshi ulug‘ gubernatorlardanman. Va albatta, yoshlarga yo‘l bo‘shatish kerak», deyiladi Tomsk oblasti gubernatori Sergey Jvachkinning bayonotida.

Sergey Jvachkin

Jvachkin 2012 yil 17 martdan buyon gubernatorlik qilib kelayotgandi. Undan oldinroq u «Gazprom» tuzilmalarida ishlagan.

Gubernator prezident Vladimir Putin «uning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagani»ni aytdi. Putin 69 yoshda.

Putin avvalgi yillarda muntazam tarzda gubernatorlarning iste’folarini qabul qilib kelgan, ular doim o‘z ixtiyorlari bilan ariza yozishardi. Odatda kuzgi va bahorgi gubernatorlar iste’fosi to‘lqini yuz berardi. Joriy bahor boshida iste’folar bo‘lmadi - 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandi.

Kirov oblasti

Jvachkin ortidan Kirov oblasti rahbari Igor Vasilev iste’fo haqida e’lon qildi. U 60 yoshda.

Igor Vasilev

Putin 2016 yil iyulda uni gubernator vazifasini bajaruvchi etib tayinlagandi. U keyingi yilgi saylovlarda ushbu lavozimga saylandi. Vasilev korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan Nikita Belix o‘rnini egalladi.

U o‘z telegram-kanalida «vakolat muddati yakunlanishi yaqinlashayotgani sababli» bo‘shayotgani va «ishini federal miqyosda davom ettirmoqchi»ligini ma’lum qildi. Ilgari Vasilev Rosreyestrni boshqargan. U ham Jvachkin singari Putin uning qarorini qo‘llab-quvvatlaganini bildirdi.

Saratov oblasti va Mariy El

Iste’foga chiqishi haqida uchinchi bo‘lib Saratov oblasti rahbari Valeriy Radayev e’lon qildi. U Kirov gubernatoridan bir yoshga katta va regionni 10 yil davomida boshqardi.