Jamiyat | 18:29 / 11.05.2022
2554
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ichiga giyovand modda solingan gaz ballon portlab ketib, jinoyatchilarni oshkor qildi

Ikki nafar tojikistonlik fuqaro opiy giyohvandlik moddasini Tojikistondan O‘zbekistonga mashinaga o‘rnatilgan propan gaz balloni ichiga joylab olib o‘tishgan.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Tojikistonning Dushanbe va Boxtar shaharlarida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan D.O. hamda S.S. opiy giyohvandlik moddasini Tojikistondan O‘zbekistonga mashinaga o‘rnatilgan propan gaz balloni ichiga joylab olib o‘tishgan. So‘ng uni sotish uchun Urgut tumanida yashovchi tanishi, 1979 yilda tug‘ilgan M.F.ning yashash xonadoniga borishgan.

Ular propan gaz balloni ichidan giyohvandlik moddasini olayotganda u portlab ketadi. Oqibatda D.O. hamda S.S. kuyish tan jarohatlarini olib, tuman shifoxonasiga murojaat qilishadi. Qo‘shni davlatdan kelgan mehmonlarning xatti-harakati huquq-tartibot organlari xodimlarida shubha uyg‘otadi.

Shundan so‘ng mehmonlarning mashinasi tegishli tartibda tekshirib ko‘rilganda undagi propan gaz balloni ichida sellofan paketga o‘ralgan 244,19 gramm opiy giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirilgan.

DXX viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan yana bir tadbirda esa Ishtixon tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan Q.A. boshqaruvida bo‘lgan Nexia-2 tegishli tartibda tekshirib ko‘rilganda mashinada 1 kilogramm 8,16 gramm opiy giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan. 

Qayd etilishicha, yuqoridagi ikkala holat bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid