O‘zbekiston | 16:15 / 11.05.2022
23928
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda sel oqizib ketgan ikki kishining jasadi topildi

Foto: FVV matbuot xizmati

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida sel oqizib ketgan ikki fuqaroning jasadi topildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

10 may kuni soat 16:00 lar atrofida tumanning tog‘li hududi «Bog‘iston» MFY, Zoxona qishlog‘ida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimi hodisasi yuzaga kelgan, hodisa oqibatida ushbu hududda Nexia avtomobilida bo‘lgan, Uzun tumanida yashovchi ikki kishi, shuningdek, chorva mollarni boqib yurgan fuqaro va uning chorva mollarini ham sel oqizib ketgandi. Keyinroq cho‘pon ofatdan qutulib qolgani ma’lum bo‘lgan, qolgan ikki kishini qidirish ishlari olib borilayotgani aytilgandi.

Ma’lum qilinishicha, FVV qutqaruvchilari va hamkorlikdagi tashkilotlar bilan olib borilgan qidiruv-qutqaruv va sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish jarayonida avtomobil va bir kishining jasadi To‘palang daryosi o‘zanidan topildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni vaqtda To‘palang daryosi o‘zanidan ikkinchi fuqaroning jasadi olib chiqilmoqda, ikkinchi fuqaroning jasadi birinchi fuqaro jasadi topilgan joydan taxminan 5 kilometr quyidan topildi.

Voqea joyida FVB qutqaruvchilari, Milliy Gvardiya, Ichki ishlar va tegishli xizmatlar xodimlari tomonidan qidiruv-qutqaruv va sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid