Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 may kungi yig‘ilishda g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishini e’lon qildi.

“Bugun xalqimiz, fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan ushbu islohotlarimizning yangi bosqichini boshlaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tamiz.

Shuningdek, fermer va klasterlar o‘zlari yetishtirgan g‘allasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratiladi”, dedi prezident.

Bu yil davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doyga 3 mln so‘m to‘lanadi, bu – o‘tgan yilgidan 2 barobarga yuqori. Sotib olingan bug‘doy oyma-oy birjaga chiqariladi va agar narxlar oshsa, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi.

Kun.uz bu islohotning fermerlar va klasterlarga qanday imkoniyatlar yaratishi, g‘alla islohotining non narxiga ta’siri bo‘yicha iqtisodchi Otabek Bakirov va viloyatlardagi fermerlar fikri bilan qiziqdi.

Ta’kidlash kerakki, huquqiy jihatdan shu paytgacha ham fermerlar o‘zi yetishtirgan mahsulotni erkin, bozor narxlarida sotish huquqiga ega edi, biroq amalda davlat ehtiyojlari uchun yetishtirilgan mahsulotga narx bozor tamoyillariga rioya etmasdan, markazlashgan holda ma’muriy usul bilan belgilanib kelindi. Bu esa fermerlarning jiddiy ziyon ko‘rishlariga sabab bo‘lgan.

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

— G‘alla islohotining erkin bozordagi un va non narxlariga hech qanday ta’siri bo‘lmaydi. Chunki busiz ham un va non to‘liq bozor shartlarida ishlayapti.

Subsidiyalanadigan un (arzonlashtirilgan un) tarqatish tizimi tugatiladi. Busiz ham bu tizim amalda ishlamayotgan edi. Oxirgi 2 yilda (pandemiya davrida bir muddat ishladi) kimdir arzonlashtirilgan un olganini ko‘rganim ham, eshitganim ham yo‘q.

Yagona ta’sir sezilishi mumkin bo‘lgan narxlar bu – buxanka (qolipli non) narxlari bo‘ladi. Buxanka narxlari 2018 yilda “erkinlashtirilgan” deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, amalda subsidiyalashtirib kelingan.

Non narxi oshadi, un qimmat bo‘ladi deb vahima qilishga umuman asos yo‘q. Aksincha, agar bugun aytilgan gaplar amalda ishlasa, un va non narxi muvozanatlashadi va sekin-asta arzonlashadi ham.