Niistyo va Marin mamlakat aholisiga bu masalani keng va batafsil muhokama qilish imkoniyatini berishni istashlari, ammo qaror qabul qilish vaqti kelganini aytishgan.

«Rossiya xalqaro huquqni hurmat qilmasligini ko‘rsatdi. U o‘zi ilgari qo‘llagan qoidalarni hurmat qilmaydi. Shuning uchun biz NATOga qo‘shilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdamiz, chunki Yevropada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘zgargan va gap Rossiyaga kelganda sodda bo‘lmasligimiz kerak», dedi Marin.

«NATOga a’zolik Finlandiya xavfsizligini mustahkamlaydi. Finlandiya ham NATOga qo‘shilish orqali butun ittifoqni mustahkamlaydi. Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun zudlik bilan ariza topshirishi kerak», deyiladi mamlakat yetakchilari bayonotida.

«Biz xalqaro qonunlarga amal qilmaydigan Rossiya qarshisida himoyasiz qola olmaymiz», degandi avvalroq bosh vazir Sanna Marin yapon nashrlariga bergan intervyusida.

Finlandiyaning alyansdagi elchisi Klaus Korxonen mamlakat hozirda Rossiya tomonidan xavf kutmayotgani, NATOga qo‘shilish istagi xavfsizlik sohasidagi o‘zgarishlar tufayli ekanini ma’lum qildi. «Bizning mudofaamiz kuchli, chegarani qo‘riqlash kuchlarimiz juda layoqatli va men o‘ylaymanki, biz hozir ogoh bo‘lganimiz tufayli chegaradagi vaziyat juda xavfsiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Finlandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto chegaradagi vaziyat tinch bo‘lib qolishiga umid qildirgan.

«Biz hech narsani kutmayapmiz, ammo hamma narsaga tayyormiz. Agar parlament biz ariza berishimiz kerak, degan xulosaga kelsa, kelasi hafta o‘rtalarida buni amalga oshiramiz», — dedi Xaavisto Yaponiyaning NHK telekompaniyasiga bergan intervyusida. 

Tez orada qo‘shni Shvetsiya ham xuddi shu kabi qadam tashlashi kutilmoqda.

Bu ikki davlat shu vaqtga qadar betaraflik siyosatiga amal qilib kelgan, biroq fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan tajovuzi har ikki davlatda ham jamoatchilik kayfiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Kreml allaqachon Finlandiyaning alyansga a’zo bo‘lishi Rossiya uchun tahdid o‘laroq ko‘rilishini ma’lum qilib bo‘lgan.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berish qarori finn parlamenti tomonidan ham qabul qilinishi kerak. Katta ehtimol bilan bu ro‘y beradi, chunki o‘tgan yillardagidan farqli o‘laroq mamlakat aholisining aksar qismi Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.