So‘nggi ikki hafta mobaynida ukrain qurolli kuchlari Xarkov oblastida ko‘plab aholi punktlarini ozod etishdi va ayrim rayonlarda Ukraina chegarasigacha chiqishdi. Rossiya harbiylari urush boshidan buyon Xarkov shahri hududiga kirishmagan, ammo yaqin masofadan turib uni barcha turdagi og‘ir qurollardan o‘qqa tutib kelayotgandi.

Rossiyaning raketa zarbalari oqibatida Xarkov bosh maydonidagi oblast ma’muriyati binosi, shuningdek, Ukraina IIV hamda Ukraina Davlat xavfsizligi xizmati binolari vayron qilingan. Artilleriya zarbalaridan ayniqsa shahar shimolidagi Shimoliy Saltovka rayoni eng ko‘p jabr ko‘rgan - bu yerda ko‘plab turar joy binolari xarobaga aylangan, aholi evakuatsiya qilingan.

Terexovning so‘zlariga ko‘ra, endilikda muvaffaqiyatli qarshi hujumlardan keyin Xarkov shahri besh kundan buyon o‘qqa tutilmagan. Bu vaqt mobaynida rossiyalik harbiylar faqat bir marta Xarkov aeroporti hududi tomon raketa uchirishgan, ammo ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimi uni urib tushirgan.

«Rossiyaliklar muntazam ravishda Xarkovni o‘qqa tutishdi, chunki ular shaharga juda yaqin joylashgandi. Hududiy mudofaa kuchlari va Ukraina qurolli kuchlarining sa’y-harakatlari evaziga ular Rossiya chegarasi tomon chekinishdi. Hozirda Xarkovda tinchlik hukm surmoqda, odamlar shaharga qayta boshlagan», degan Terexov BBC bilan suhbatda.

Terexov shahar o‘qqa tutilishi vaqtida tramvay parkining yarmidan ortig‘i va elektr uzatish liniyalarining 35 km qismi vayron bo‘lgani, shu tufayli ma’lum vaqt davomida jamoat transporti cheklovlar bilan ishlab turishini ma’lum qilgan. Hozircha metro faoliyati tiklanmaydi.

Xarkov oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov shanba kuni Xarkov o‘qqa tutilmayotganini tasdiqladi, ammo regionning boshqa shaharlari, jumladan Chuguyev, Lozovaya, Dergachi va Zolochevga zarbalar yo‘llanmoqda. U odamlarni hozircha shaharga qaytmaslikka chaqirgan.

«Bu shuni ko‘rsatadiki, bo‘shashishga hali erta. Bizning qurolli kuchlarimiz dushmanni siqib chiqarmoqda va aholi o‘z uylariga qaytishni boshlamoqda. Bu hali ham juda xavfli! Rasman e’lon qilinmaguncha qaytmaslikni so‘rayman», degan Sinegubov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «chekinayotgan dushman mutlaqo hamma joyni, hovlilarni, o‘rmonzorlarni, yo‘llar bo‘ylarini va hatto bolalar bog‘chasidagi karavotlarni ham minalashtirgan». «Hozirda sinchkovlik bilan minalarni zararsizlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», deya qo‘shimcha qilgan u.

Xarkov uchun jang