Donbassdagi bir necha haftalik «keng ko‘lamli hujum»dan keyin ham RF armiyasi sezilarli yutuqlarga erishmadi va faqat Lugansk oblastidagi Popasnaya shahrini ololdi, qaqshatqich janglar natijasida bu shahar amalda kultepaga aylangan. Rossiyalik amaldorlar «maxsus harbiy amaliyot» reja bo‘yicha ketayotganini aytishda davom etishmoqda, ammo G‘arbdagi qator ekspertlar Kremlning Ukrainadagi kampaniyasi mag‘lubiyat bilan yakunlanishi mumkinligi haqida xulosa qilishmoqda.

Polshadagi Rochan tahlil markazi rahbari Konrad Muzikaning Reuters agentligiga aytishicha, rossiyaliklar armiyasi Donbassda shu qadar ko‘p harbiylari va texnikalarini yo‘qotdiki, ularning o‘rnini to‘ldirish tobora qiyinlashib bormoqda. «Hozirgi holatda [Rossiyani] yoki mag‘lubiyat, yoki safarbarlik kutmoqda. Oraliq variant bor deb o‘ylamayman», deb hisoblaydi Muzika.

9 may arafasida ayrim ekspertlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘alaba kunida Ukrainaga rasman urush ochish yoki armiyani sezilarli darajada to‘ldirish imkonini beradigan umummilliy safarbarlik e’lon qilishini taxmin qilishgandi. Ammo bunday bo‘lmadi, OAV ma’lumotiga ko‘ra esa Rossiya hukumati zaxiradagilarni armiyaga jalb etishga urinib, qisman «yashirin mobilizatsiya» o‘tkazishni boshlagan.

Arlingtondagi CNA Rossiya tadqiqotlar instituti direktori Maykl Kofman Reuters uchun bergan intervyusida Rossiyaning butun Donbassni egallash imkoniyatlarini quyidagicha baholagan: «Menda buning istiqbollari bo‘yicha juda katta shubhalar bor». «Rossiya kuchlari juda holdan toygan va ularning ruhiy holati sezilarli darajada cho‘kkan. Ofitserlar oldinga yurish istagi bilan yonmayapti, Rossiya siyosiy rahbariyati esa strategik mag‘lubiyat ko‘rinib qolgan bo‘lsa-da, imillayotgandek ko‘rinadi», deb hisoblaydi Kofman.

Frontda nimalar bo‘lmoqda?

Amerikadagi nufuzli Urush tadqiqotlari institutining (ISW) so‘nggi hisobotida aytilishicha, Rossiya Mariupol to‘liq qo‘lga olingani haqida bayonot berish orqali («Azovstal»dagi so‘nggi ukrain himoyachilari taslim bo‘lmoqda) harbiy muvaffaqiyat haqida taassurot yaratishga urinib ko‘radi, shuningdek Severodonetskka hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Xarkov atrofida qarshi hujumga o‘tgan ukrain harbiylari. Foto: Reuters

Rossiyaning Lugansk oblastidagi yurishlari tafsilotlarini baholagan amerikalik ekspertlarning yozishicha, RF armiyasi Lisichansk va Baxmutga olib boruvchi yo‘llarni nazoratga olishni ko‘zlagan va hozircha faqat kichik yutuqlar bilan kifoyalanmoqda.