“Yaxshisi, bu tabarruk sohaga qadam qo‘ymang...”
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov 20 may kuni Facebook’dagi sahifasida media sohasiga kirib kelayotgan ayrim yoshlarga “Yaxshisi, bu tabarruk sohaga qadam qo‘ymang, jamiyatga ham, o‘zingizga ham zarar qilmang”, degan videomurojaat bilan chiqdi.
Unda aytilishicha, rais Yoshlar ishlari agentligi taklifi bilan nufuzli mukofot uchun hujjat topshirgan nomzodlar ishlarini baholash bo‘yicha komissiyada ishtirok etgan. O‘sarov ishlar bilan yaqindan tanishgach, nomzodlar ishlari orasida qalbakilashtirish va soxtakorlikni sezgan.
“Eng ayanchlisi, bo‘lg‘usi jurnalistlar, adolat uchun kurashadigan yosh kadrlar tomonidan shu ish qilinganligi meni nihoyatda darg‘azab qildi”, – degan uyushma raisi.
Videmurojaatda hujjatlarini qalbakilashtirishga uringan nomzodlar ishidan misollar keltirilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston universiteti 4-bosqich talabasi o‘zining tavsifnomasida 2019 yil “Oltin qalam” milliy mukofotini va 2020 yil respublikada “Eng yaxshi bloger” tanlovida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida yozgan. Biroq Olimjon O‘sarovga ko‘ra, “Oltin qalam” mukofoti g‘oliblari ro‘yxati tekshirilganda bu yigit nomi chiqmagan va 2020 yilda “Eng yaxshi bloger” tanlovi o‘tkazilmagan.
Bundan tashqari, yana bir jizzaxlik yigit 2021 yilda “Yilning eng yaxshi jurnalisti” mukofotini qo‘lga kiritgani haqida ma’lum qilgan va bu ma’lumot ham yolg‘on ekani ta’kidlangan.
“Kishini eng taajjubga soladigani, – degan uyushma raisi, – qashqadaryolik hamkasbimiz jurnalist shunaqangi tanlov va mukofotlarni ixtiro qilib, unga sohib bo‘lganini ko‘rib yoqa ushlaymiz. ... 2019 yilda Qirg‘izistonda chop etilib, Markaziy Osiyo tarixchilar va yozuvchilar uyushmasiga qabul qilinib, “Turon birligi” medali bilan taqdirlandi. Xalqaro Turon yozuvchilar uyushmasining a’zoligiga qabul qilindi…”.
Videoda yuqoridagi kabi bir nechta nomzodlar ishlari sanab berilgan. Olimjon O‘sarovning o‘zi bilan bog‘langanimizda, u mukofotning boshqa yo‘nalishlarida ham shunday holat kuzatilganini ma’lum qildi.















