Rossiya mudofaa vazirligi 21 mayga o‘tar kechasi «Azovstal» zavodi hududini himoya qilib kelgan ukrain harbiylarining barchasi u yerni tark etganini ma’lum qildi. Kombinat aprel oyi o‘rtalarida Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tgan Mariupol shahrida ukrain harbiylari qarshilik ko‘rsatayotgan so‘nggi qal’a bo‘lib turgandi.
RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov 20 may kuni kechqurun bu yerda ukrainalik harbiy xizmatchilarning 531 kishidan iborat so‘nggi guruhi taslim bo‘lgani va hafta boshidan buyon zavod hududidan chiqqanlar soni 2439 nafarligini ma’lum qilgan. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, idora rahbari Sergey Shoygu Vladimir Putinga «Mariupol shahri va kombinat to‘liq ozod etilgani» haqida hisobot bergan.
Ukraina hukumati kombinat rossiyalik harbiylarga topshirilgani borasida rasmiy izoh bermagan. Prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina «Azovstal» kombinatidan olib chiqilgan ukrainalik askarlarni rossiyalik harbiy asirlarga alishtirishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Juma kuni kechqurun Rossiya davlat nashrlari va hukumatparast telegram-kanallarda «Azovstal» mudofaachilaridan biri - 36-dengiz piyodalari brigadasi komandiri Sergey Volin («Volina» laqabli) aks etgan video namoyish etildi, u videoda o‘zi asir tushganini tasdiqlaydi. Shuningdek, zavod hududini «Azov» polki komandiri Denis Prokopenko (laqabi «Redis») va komandir o‘rinbosari Svyatoslav Palamar (laqabi «Kalina») ham tark etgani aytilgan. Ularning videoyozuvlari ko‘rsatilmagan.

Rossiya mudofaa vazirligida ma’lum qilinishicha, «Azov» komandiri Prokopenko kombinat hududidan maxsus zirhli avtomobilda olib ketilgan, go‘yoki bu orqali u «ko‘p sonli vahshiyliklar uchun mariupolliklarning qasos olishidan asralgan». Avvalroq Rossiya rasmiylari bir necha bor Mariupol qamali vaqtida tartibsiz bombardimonlar va tinch aholi vakillarining ommaviy o‘limi uchun javobgarlikni «ukrainalik natsionalistlar» zimmasiga yuklashga harakat qilgandi. Aprel oyi o‘rtalarida YeHXT missiyasi Mariupolda rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar va gumanitar huquqning buzilishi haqidagi hisobotni e’lon qilgandi.
Ukrain harbiylarini nima kutmoqda?
Rossiya mudofaa vazirligi «Azovstal»dagi yarador harbiylar «DXR» kuchlari nazoratiga o‘tgan Novoazovsk va Donetskdagi tibbiy muassasalarga yuborilishini ma’lum qilgan.
Asir olingan harbiylarning katta qismi Donetsk yaqinidagi Olenivka posyolkasidagi koloniyaga joylashtirilgan - Mariupol meri maslahatchisi Petro Andryushchenkoning ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda filtrlash jarayonidan o‘ta olmagan uch-to‘rt ming nafar atrofidagi mariupolliklar ham saqlanayotgandi.
















