O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi PQ-128-son qarori bilan Moliya vazirligining aksiz solig‘ini to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblashni nazorat qilish funksiyasi Davlat soliq qo‘mitasiga o‘tkazildi.
Shunga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlarida aksiz solig‘ining to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblanishini nazorat qiluvchi shu’ba tashkil qilindi. Shu’ba xodimlari tomonidan korxonalarda o‘rganish hamda amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Hamkor osiyo” MChJda bo‘lib, targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini amalga oshirdi.


Seminar davomida soliqchilar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 833-son qarori bilan tasdiqlangan “Alkogol mahsulotlarini raqamli identifikatsiya vositalari bilan majburiy markirovkalash xususiyatlari to‘g‘risida”gi nizomda ko‘rsatilgan bandlar ijrosi bilan qiziqdi.
Ma’lumot uchun, mazkur nizomga asosan, 2021 yil 1 yanvardan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar (pivo va pivo mahsulotlari 2021 yil 1 apreldan, metall, alyumin idishdagi alkogol mahsulotlari 2021 yil 1 dekabrdan) raqamli identifikatsiyalash vositasi mahsulotning iste’mol qadog‘iga tushirilishini, alkogol mahsulotlarni markirovkalash to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimiga kiritilishini ta’minlashi belgilangan.
Bundan tashqari, spirtli ichimliklar, vino va vinochilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar 2021 yil 1 dekabrdan alkogol mahsulotlarini agregatsiyalashni ta’minlashi yuqoridagi nizom bilan tasdiqlangan.
Pivo va pivo mahsulotlari 2022 yil 1 martdan, metall idishdagi alkogol mahsulotlari uchun 2022 yil 1 noyabrdan ushbu tartib amaliyotga joriy etilishi nizomda qayd etilgan.
Targ‘ibot tadbirida yuqorida keltirilgan nizomda alkogol mahsulotlari aylanmasi bo‘yicha barcha harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markirovkalash axborot tizimiga kiritish belgilangani ta’kidlandi.




















