Amerikaning Texas shtatidagi Yuvalde shahridagi boshlang‘ich maktabda ro‘y bergan otishmada maktabning 19 nafar o‘quvchisi hamda o‘qituvchi ayol halok bo‘ldi, hujum qilgan 18 yoshli yigit ham o‘ldirilgan. Yana 13 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan, ularning jarohatlari turli darajada. 66 yoshli ayol va 10 yoshli qizcha og‘ir ahvolda.

Maktabdagi omon qolgan bolalar shahardagi ijtimoiy markazga olib ketilgan

Hujum qilgan shaxs 18 yoshli Salvador Romas mahalliy aholi vakili bo‘lib, u otib o‘ldirilgan. Mahalliy nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, u xuddi shu maktabning yuqori sinf o‘quvchisi edi.

Shuningdek, ayrim xabarlarga ko‘ra, u maktabga yo‘l olishidan oldin o‘z buvisini ham otgan, ammo keksa yoshli ayol omon qolgan.

Maktabdagi fojia yozgi ta’tillar boshlanishiga ikki kun qolganida ro‘y berdi, shuning uchun seshanba noodatiy kunlardan biri edi: bolalar hayvonot bog‘iga borish uchun yig‘ilishgan, undan keyin a’lochi o‘quvchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazilishi kerak edi. Bolalardan maktab formasida emas, yasanib kelish so‘ralgandi.

Endi maktab o‘quv yili yakuniga qadar yopiq bo‘ladi.

Bolalar huquq-tartibot organlari xodimlari nazorati ostida avtobusga chiqarilmoqda
Marco Bello / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Jo Bayden qurbonlarning oila a’zolari bilan birga azador ekanini aytdi va qurol savdosini cheklovchi qonun qabul qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi qurol lobbisiga qarshi zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sodir bo‘lgan otishma oqibatida insonlar halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan prezident Jo Baydenga hamdardlik yo‘lladi.

«Motivlar noma’lum»

Texas gubernatori Greg Ebbottning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi avtomobilini maktab tashqarisida qoldirib, binoga kirgan va o‘t ochgan.