Oxirgi «Oltin to‘p» topshirish marosimi o‘tkazilganidan buyon uni olish mezonlari o‘zgardi: endi futboldagi eng nufuzli individual sovrin kalendar yili yakunlariga ko‘ra emas, balki mavsum yakunlariga ko‘ra topshiriladi. France Football nashri bu yilgi sovrin uchun da’vogar futbolchilar ro‘yxatini 12 avgust kuni e’lon qiladi. Sovrinni topshirish marosimi esa Qatardagi mundial boshlanishidan oldin, 17 oktabr kuni o‘tkaziladi. 

Shubhasiz, asosiy favorit Karim Benzema, ammo fransuz hujumchisidan boshqa munosib futbolchilar ham bir talay.

10. Kristofer Nkunku, 24 yosh

Kristofer Nkunku. Foto AFP

Nkunku «Leypsig» uchun eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi. Bundesliganing 34 o‘yinida ushbu fransuz futbolchisi 20 gol urgan va 13 golli uzatma muallifi bo‘lgan, Chempionlar ligasida esa — yetti gol va bir assist. Uning Germaniya Kubogi finalida «Frayburg» darvozasiga urgan javob goli o‘yinni overtaymga olib o‘tdi hamda leypsigliklar yakunda penaltilar seriyasida g‘olib chiqishdi. Havbekning aql bovar qilmas parvozi murabbiylarning qunt bilan ishlashi ( «Leypsig»da so‘nggi vaqtlarda bir necha bor murabbiy almashdi) samarasidir. Yulian Nagelsmann davrida Nkunku universal futbolchiga aylandi: yarimhimoya va hujumda turli pozitsiyalarda o‘ynashni o‘rgandi — «o‘nlik» ham, «sakkizlik» ham va vinger bo‘lib ham.

Jyessi Marsh boshqaruvi davrida sheriklari bilan uyg‘unlikda harakatlanish va vaziyatlar yaratish borasida mahoratini oshirdi, shuningdek fizik jihatdan kamol topdi — bu o‘sish yakkakurashlarda, ayniqsa ikkinchi qavatdagi harakatlarda yaqqol ko‘rinadi. Domeniko Tedesko kelgach fransuz markaziy forvard pozitsiyasiga mustahkam o‘rnashdi: Nkunku hujumlarni yakunlash bobida kuchaydi, jarima maydoni ichida o‘tkir harakatlar qila boshladi va nihoyat maydonning uchinchi qismida o‘z driblinglaridan foydalan boshladi. Hozirdanoq ushbu havbek uchun top-klublardan iborat uzun navbat hosil bo‘lgani ajablanarli emas. Fichajes ma’lumotiga ko‘ra, Nkunku uchun kurashda «Inter», «Manchester Yunayted», «Arsenal» va «Milan» klublari qatnashmoqda.

9. Eduar Mendi, 30 yosh

Eduar Mendi. Foto AFP

«Chelsi» qatorasiga bir necha mavsum davomida darvozada Kepa Arrisabalagining ishonchsiz o‘yinidan aziyat chekdi. Ispaniyalik darvozabonga katta umidlar bog‘langandi, uning transferi uchun ulkan mablag‘ (80 million yevro — darvozabon uchun to‘langan rekord summa) sarflangandi. Ammo kuchli bosim tufayli ruhiy tushkunlikka tushib qolgan Kepa undan chiqa olmadi.