17:12 / 27.05.2022
8350

O‘z ustida ishlagan fuqarolarga soliq yengilliklari berilishi mumkin

Fuqaro professional tarzda qandaydir kurslarda o‘qib, diplom olsa, o‘sha kursga to‘langan pulni soliq bazasidan chegirib tashlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda kambag‘allik forumi doirasida Kun.uz'ga intervyu bergan moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ma’lum qildi.

Buxoroda Kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida iqtisodiy blok mutasaddilari sessiyalarda ishtirok etdi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov sug‘urta badallari bekor qilinib, ijtimoiy soliq va jismoniy shaxslarning daromad solig‘i pasaytirilishi natijasida rasmiy ishda ishlayotganlar soni 1 mln kishiga oshganini aytdi.

“Soliq tizimi nuqtayi nazaridan gapiradigan bo‘lsak, oxirgi 4-5 yilda soliq tizimi qaytadan ko‘rib chiqilgan. Ayniqsa, mehnatga haq to‘lash borasida sug‘urta badallari bekor qilindi, ijtimoiy soliq va jismoniy shaxslarning daromad solig‘i 12 foiz deb belgilandi. Bu yengil hisob-kitob qilish uchun yaratilgan tizim edi. Bu orqali 1 mlnga yaqin odam ishga joylashib, soliqlarni to‘lashni boshladi.

Shunga qaramay, oyliklarni to‘liq ko‘rsatyaptimi-yo‘qmi, degan savolga javob topolmadik va joriy yildan prezidentimizning bir nechta qarorlari qabul qilindi. Bu yerda asosiy narsa ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangani bo‘ldi, bu tadbirkorlarga yengillik berdi. Ishlab turgan joyida topgan daromadlarini legallashtirish hisobiga, yashirmasdan to‘lash imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarimiz ishga joylashgach, muqim ish joyida 6 oy faoliyat yuritgach, davlat budjetidan to‘langan ijtimoiy soliqni [ish beruvchilarga] kompensatsiya qilish tizimi joriy etilgan”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, u o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarga yana qo‘shimcha sharoitlar yaratilishini qo‘shimcha qildi. Bu sharoitlar bir-birini qo‘llab-quvvatlash va o‘z biznesini reklama qilish kabi tizimni joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Dilshod Sultonov kelgusida bandlik kam joylarga imtiyozlar berish va farzandli bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilishini aytdi.

“Kelajakda biz nima qilmoqchimiz? Bandlikni ta’minlash uchun tizimli soliq siyosatini yuritishimiz kerak. Chekka hududlarda, ya’ni bandlik kam joylarda eng asosiy masala – soliqlardan imtiyozlar berib, bandlikni ta’minlashimiz zarur bo‘ladi. Ikkinchi yo‘nalish – ota-onalar farzandli bo‘lgandan keyin ishga chiqib ketishi qiyin bo‘lyapti. Ularning bolalari bog‘chalarga chiqishi kerak, shuning uchun budjetdan bog‘chalarga subsidiyalash va shu orqali narxlarni pasaytirish choralarini o‘ylaganmiz.

Bundan tashqari, o‘z ustida ishlash xarajatlarini kompensatsiyalash ham yangi choralardan biri bo‘ladi. Masalan, fuqaro professional tarzda qandaydir kurslarda o‘qib, diplom olib kelsa, o‘sha kursga to‘langan pulni soliq bazasidan chegirib tashlash ko‘rib chiqilmoqda. Deylik, bir ayol ikki yil uyda o‘tirgan, bolasiga qaragan. Bu paytda ancha narsa o‘zgargan. Unda ayol o‘z malakasini oshiraman deb qaysidir kursga borib o‘qiydigan bo‘lsa (masalan, buxgalteriya kurslarida), o‘sha yerga to‘lagan pullarini o‘zi olayotgan daromaddan chegirib tashlashga imkon yaratyapmiz. Bu yana bir marta o‘z ustida ishlashga, malakasini oshirish uchun soliq nuqtayi nazaridan yaxshi muhit yaratadi, deb hisoblaymiz”, – deydi Moliya vazirligi mulozimi.

Top