Birinchi videomizda – Toshkent markazida joylashgan, 130 kvadrat metr maydonga ega, xaridi, ta’miri va jihozlashi jami 300 ming dollarga aylangan HiTech-kvartira bilan tanishtiramiz.

Ko‘plab o‘zbek xonadonlarida o‘rnatilgan darvozalar, hovlidagi ustunlar, shiftdagi dekoratsiyalar, devordagi gulqog‘ozlar, poldagi gilamlar, xonalardagi mebellar, dasturxondagi idishlar va hokazolarni birlashtirib turuvchi bir element bor: yaqqol ko‘zga tashlanib turuvchi yaltiroq bezaklar, hashamdor va gulli naqshlar.

Oxirgi yillarda qurilish va ta’mirlash sohasida bu jimjimadorlikning butkul teskarisi – haytek va minimalizm urfga kirmoqda.

Intererning bu yangi yo‘nalishi har qanaqa yaltir-yulturdan xoli ekani, asosan yevropacha monoton ranglar qo‘llanishi, sokinlik va mukammallikni o‘zida aks ettirishi, xonadon maydonidan maksimal unumli foydalanishi, eng muhimi – qimmat va sifatli chet el qurilish materiallari va jihozlari ishlatilishi bilan ajralib turadi.

Haytek uslubida uy qurish yo ta’mirlash odatdagidan uzoqroq vaqt davom etadi. Turgan gapki, bu yo‘nalishda dizayn xizmatlari ham arzon turmaydi. Xo‘sh, shahar markazida joylashgan 100 kv.m.dan oshiq xonadonning haytek uslubidagi pardoziga o‘rtacha qancha mablag‘ sarf qilinadi?

“Inshoot”loyihasining ilk soni shu savolga javob berishni maqsad qildi. Biz Toshkent shahrining Yunusobod tumani Markaz-4 dahasida joylashgan “Do‘stlar” turar joy majmuasida bo‘ldik.

“Do‘stlar” TJ majmuasi “Murad Buildings” kompaniyasi tomonidan 2018 yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, o‘ziga xos arxitekturaga ega. Majmuaning ichki va tashqi intereri haytek yo‘nalishida. Asosiy bino 8 qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatda 2 tadan xonadon joylashgan.

Biz suratga olgan xonadon – 7-qavatda. Xonadonni sotib olish, loyihalash va ta’mirlashga jami 300 000 dollar sarflangan. Umumiy maydoni – 130 kv.m.

Xonadon oshxona va dam olish xonasi umumiylashtirilgan – studiya, 2 ta yotoqxona va 2 ta yuvinish xonalariga bo‘lingan. Dizayn loyihasi puxta tuzilib, zamonaviy usulda pardozlangan.