Bir necha kun muqaddam AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyni Tayvanga bostirib kirish oqibatidan ogohlantirib, hujum ro‘y bergudek bo‘lsa, Vashington orolga harbiy yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgandi.

Tayvan mudofaa vazirligiga ko‘ra, so‘nggi hodisada 22 ta qiruvchi samolyotlar (oltita J-16, sakkizta J-11, to‘rtta J-10 hamda ikkitadan Su-35 va Su-30), shuningdek radioelektron kurash samolyotlari, razvedkachi samolyotlar hamda suv osti kemalariga qarshi samolyotlar ishtirok etgan.

Bunga javoban orol qurolli kuchlariga tegishli qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan hamda Xitoy harbiy samolyotlariga tegishli ogohlantirishlar berilgan.

Vazirlik taqdim etgan xaritaga ko‘ra, xitoyliklar samolyotlari Tayvan havo hujumidan mudofaa tizimining kuzatuv hududidagi Pratas orolining shimoli-sharqidagi hududga bir necha o‘n kilometr kirib kelgan. Ammo xitoyliklarning qiruvchi samolyotlari Tayvan havo kengligiga kirmagan, bu dushmanlik harakati sifatida baholangan bo‘lardi.

Havo hujumidan mudofaa tizimining kuzatuv hududi - mamlakat hududlari va milliy havo kengliklaridan tashqaridagi hudud hisoblanadi, bu yerdan uchuvchi xorijiy samolyotlar milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan qayd etiladi, kuzatiladi va nazorat qilinadi. Mamlakatlar bu hudud chegaralarini mustaqil ravishda belgilaydi va texnik jihatdan u xalqaro havo hududi bo‘lib qolaveradi.

Orol rasmiylari xabariga ko‘ra, Xitoy samolyotlari bir yildan ortiq vaqt davomida ushbu hududga muntazam ravishda uchib keladi. Tayvan buni «kulrang hudud»dagi amaliyotlar deb ataydi, undan maqsad Tayvan havo hujumidan mudofaa kuchlarining jangovar shayligini tekshirish hisoblanadi.

Tahlilchilarning hisoblashicha, Xitoy qiruvchilarining parvozlari Tayvan hukumatini rasman mustaqillik e’lon qilishdan tiyish uchun navbatdagi ogohlantirish hisoblanadi.