Prezidentning “Nodavlat sport-ta’lim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatishning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
- aholining keng qatlami, yoshlar, shu jumladan xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish maqsadida ular o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirish;
- sport turlari bo‘yicha jamoalarni tashkil etish, ular o‘rtasida turli sport musobaqalari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etish orqali iste’dodli yosh sportchilarni saralash (seleksiya);
- jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari jarayoniga malakali trenerlar va mutaxassislarni jalb etish, tizimli ravishda ilg‘or tajribani joriy qilish;
- zarur zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish, sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarning asosiy va zaxira tarkibiga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash yuzasidan o‘quv-mashq jarayonini tashkil etish;
- sport tayyorgarligi bosqichlarida barcha yosh guruhlari bo‘yicha sportchilarni o‘qitish usullari va shakllarining uzviyligini ta’minlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish uchun an’anaviy mashg‘ulotlarni tashkil etish bilan bir qatorda sifatli va ommabop mashg‘ulotlar o‘tkazishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pulli xizmatlar ko‘rsatish;
- tajriba almashish masalalari bo‘yicha sport tashkilotlari va federatsiyalar (assotsiatsiyalar) bilan hamkorlikni rivojlantirish, sportchilarning sport mahoratini, trenerlar va boshqa mutaxassislarning kasb malakasini oshirish;
- ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o‘qitishning innovatsion pedagogik shakllari, uslublari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida sport sohasidagi samaradorlik va natijani oshirish.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatadigan maktabdan tashqari nodavlat sport-ta’lim muassasasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:
a) 2012 yildan boshlab Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport muassasasi faoliyatini olib borish uchun davlat tasarrufida bo‘lgan zarur bino va inshootlarning ijara to‘lovlarisiz (kommunal to‘lovlar bundan mustasno) ularga taqdim etish;
















