Bugun, 1 iyun oqshomida muxlislar e’tibori Londondagi «Uembli» stadioniga qaratiladi. Unda Yevropa chempioni sanalmish Italiya milliy jamoasi Janubiy Amerikada tengsiz bo‘lgan Argentinaga qarshi saf tortadi. 29 yillik tanaffusdan so‘ng UYeFA va KONMeBOL chempionlari o‘zaro to‘qnash keladigan Finalissima JCh-2022dan chetda qolgan alamzada Italiya va mag‘lubiyat nimaligini unutayozgan Argentina uchun muhim qarama-qarshilikka aylanishi kutilmoqda.
Finalissima qanday o‘yin?
Finalissima – Yevropa va Janubiy Amerika qit’asining amaldagi chempionlari o‘rtasidagi hal qiluvchi bahs bo‘lib, UYeFA va KONMeBOL o‘rtasida 2021 yilning 15 dekabr kuni imzolagan memorandum bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Finalissima bir o‘yindan iborat bo‘lib, asosiy vaqt durang hisobda yakunlansa, jamoalar g‘olib nomini penaltilar seriyasida aniqlashadi. G‘olib jamoa vazni 8,5 kilogram, bo‘yi 45 santimetrlik sovringa ega chiqadi.

Qit’a chempionlarining 3-to‘qnashuvi
Qayd etish joiz, bu – Yevropa va Janubiy Amerika qit’asi g‘oliblarining ilk uchrashuvi emas. Bungacha ikki konfederatsiya kelishuviga binoan 1985 yilda Yevropa chempioni Fransiya va Kopa Amerika g‘olibi Urugvay o‘rtasida bahs (2:0) o‘tkazilgan bo‘lsa, 8 yil o‘tib, 1993 yilda Argentina Mar-del-Platada Yevro-1992 g‘olibi Daniyani penaltilar seriyasida mag‘lub etgandi. Italiya va Argentina o‘rtasidagi bahs bu borada uchinchi to‘qnashuvga aylanadi.
Kellini uchun xayrlashuv o‘yini
Yevro-2020 g‘olibi Italiyaning mundialsiz qolishi JCh-2022 saralash bosqichining sensatsion voqeasiga aylandi. «Skuadra Adzurra» o‘tgan yarim yildan ko‘proq vaqt davom etgan tushkun kayfiyatni «Uembli»dagi g‘alabani takrorlagan holda bayramona atmosferaga aylantirish imkoniga ega. Ushbu bahs italiyaliklar sardori Jorjio Kellini uchun ham o‘ziga xos ahamiyatiga ega – 37 yoshli himoyachi Londondagi o‘yindan so‘ng xalqaro faoliyatiga yakun yasaydi. Bosh murabbiy Roberto Manchini Argentinaga qarshi bahsda Yevro-2020 qahramonlarini asosiy tarkibda maydonga tushirishi ehtimoli katta. Shuningdek, Alessandro Bastoni, Sandro Tonali, Nikolo Dzanolo va Janluka Skamakka singari yosh o‘yinchilar ham o‘yinga shay.










