«Albiseleste» Finalissima-2022 turniri g‘olibi bo‘ldi.

Finalissima
Italiya — Argentina 0:3
1 iyun, «Uembli»
Gollar: Martines (28), Di Mariya (45+1), Dibala (90+4).
Italiya — Donnarumma, Kellini (Latssari, 46), Bonuchchi, Emerson (Bastoni, 77), Di Lorenso, Jorjino, Barella, Pessina (Spinatssola,  63), Bernardeski (Lokatelli, 46), Belotti (Skamakka, 46), Raspadori. 
Argentina — E.Martines, Otamendi, Talyafiko, Romero (Pesselya, 85), Di Mariya (Niko Gonsales, 90), De Paul (Palasios, 75), G.Rodriges, Molina, Messi, Lo Chelso (Dibala, 90), L.Martines (Alvares 85).
Ogohlantirishlar: Otamendi (22), Bonuchchi (39), Di Lorenso (72), Barella (77).

Postpandemiya davrida terma jamoalar ketma-ket xalqaro turnirlarda ishtirok etishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir yil muqaddam Yevro-2020 va Amerika Kubogi parallel tarzda kechgandi. Qishda — Afrika Kubogi o‘yinlari o‘tkazildi. 

Bu fonda Millatlar ligasining «top» jamoalar ishtirokidagi yozgi o‘yinlari ham kamtarona ko‘rinmoqda. Yozning ilk kunida yana bir kubok uchun bellashuv o‘tkazildi — Artemio Franki kubogi yangi nom ostida tiklandi — chorshanba kuni «Uembli»da bu sovrin uchun ikki qit’a chempionlari bahs olib borishdi.

Yorqin afishaga qaramay, muxlislar uchun navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi maqomidagi o‘yin bo‘lishi xavfi ham bor edi. Ammo ilk daqiqalardanoq ma’lum bo‘ldi: Londonda barchasi kattalarga xos kechadi. Limmo-lim to‘lgan va hissiyotlarga boy tribunalarda ham, maydonda ham qaynoq muhit hukmron bo‘ldi. Messini jarima maydoni tashqarisida yiqitgan Jorjino hakam hushtagi chalingach, shunday g‘azab otiga mindiki, barcha beixtiyor Italiya chempionlikka erishgan Yevropa birinchiligini yodga oldi.

Ammo Leo terma jamoa libosida bu safar ham o‘zgacha o‘yin ko‘rsatdi, xuddi so‘nggi mavsumda Parijda butunlay boshqa Messi to‘p surgandek taassurot uyg‘ondi. Bu yerda birinchi bo‘limning dastlabki qismida argentinaliklar sardorining har bir qarori keskinlik keltirib chiqardi va tribunalarda olqishlarga sabab bo‘ldi. Argentinaliklarning ustunligi shu darajada ediki, «albiseleste» muxlislari o‘zlarini Yevropada emas, Buenos-Ayresda his qilib jo‘rovoz bo‘lib qo‘shiq kuylashdi.