O‘zbekiston | 17:20 / 03.06.2022
18440
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda pillachilik klasteri rahbari pilla qabul qilish punktini sotayotganda ushlandi

Oltinko‘l va Asaka tumanlarida pillachilik sohasida klaster bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan korxona rahbari pilla qabul qilish punkti bino va inshootlarni boshqa bir shaxsga 180 ming dollarga sotib yuborgani aytilmoqda. Bu haqda Asaka tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Qayd etilishicha, “Qo‘ng‘irot” MFY hududida 1,15 ga maydonda joylashgan “Qo‘ng‘irot pilla qabul qilish punkti” bino va inshootlari “E-Auksion” orqali sotuvga chiqarilgan.

Auksion natijalariga ko‘ra, “Asaka ipagi” MChJ g‘olib deb topilib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi bilan “Asaka ipagi” MChJ o‘rtasida 2022 yil 11 may kuni oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.

Shartnomaning 5,4 bandiga ko‘ra, obektdan samarasiz foydalanish, qismlarga bo‘lib sotish, boshqacha tarzda begonalashtirish, shartnoma shartlari bo‘yicha olingan majburiyatlar to‘liq bajarib bo‘lgunga qadar kreditning garov ta’minoti sifatida foydalanish, buzib yuborish va boshqacha tarzda shikast yetkazish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, ushbu bino va inshootlar auksionga qo‘yilishida g‘olib chiquvchi yuridik yoki jismoniy shaxs obektdan samarali foydalanishi, investitsiya kiritishi, ish o‘rinlarini yaratishi, belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarib borishi maqsadlari qo‘yilgan.

Biroq 2021 yildan buyon Oltinko‘l hamda Asaka tumanlarida pillachilik sohasida klaster bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan “Asaka ipagi” MChJ rahbari yuqoridagi shartlarga amal qilmasdan bino va inshootlarni boshqa bir shaxsga 180 000 AQSh dollariga sotib yuborgan, deyiladi xabarda.

Aytilishicha, u 180 ming dollardan ma’lum miqdordagi mablag‘ni olish jarayonida qo‘lga olingan.

“Hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergov natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, – deyiladi xabarda.

Avvalroq, Andijonda temiryo‘l stansiyasi tasarrufidagi yerni sotib yubormoqchi bo‘lgan stansiya boshlig‘i ushlangani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid