Forumni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va Tojikiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said ochib berdi.

Yaqin kelajakda o‘zaro savdoni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida tez orada “Oybek” va “Fotexobod” nazorat punktlarining yonida “O‘zbekiston – Tojikiston” chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil qilish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Unda ishlab chiqarish obektlari, logistika markazlari va zarur infratuzilma joylashgan bo‘ladi.

Mamlakatlarning yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati va energetika kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish niyati bildirildi. 2021 yilda xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning samarali vositasi sifatida tashkil etilgan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiyaviy kompaniyasi imkoniyatlari ta’kidlandi.

Tadbir doirasida “B2G” va “B2B” formatidagi ishtirokchilarning maqsadli uchrashuvlari o‘tkazildi. Forum yakunlari bo‘yicha 1062,6 million dollarlik 75 savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi.