Muzlatilgan 300 milliard dollar bemalol qoplanadi
Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya neftiga embargo qo‘ygani haftaning asosiy iqtisodiy yangiligi bo‘ldi. Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi doirasida amalga oshirilgan ushbu cheklov atrofida muzokaralar bir haftaga cho‘zilib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, neft embargosi qisman joriy qilindi: Rossiyadan dengiz orqali neft olish to‘xtatiladi, ba’zi davlatlar esa quvurli o‘tkazgichlardan rus neftini olishda davom etadi.
Embargo shu holatda qoladi deb o‘ylash kerak emas. Asosiysi, YeI davlatlari cheklov bo‘yicha rasmiy qarorga kelishdi, u bosqichma-bosqich kengaytirib borilishi mumkin. Sanksiyalardan keyin Yevropa yaqin 6 oy ichida Rossiya neftidan, 8 oyda esa Rossiyadan boradigan neft mahsulotlariga qaramlikdan qutulishi mumkin.
Embargo Rossiya Yevropaga eksport qilayotgan neftning uchdan ikki qismiga ta’sir qiladi. 2022 yil oxirigacha ittifoq Rossiyadan neft olishni 90 foizgacha kamaytirmoqchi. Iqtisodchilar bu cheklovni Yevropa uchun unchalik katta zarar bermaydi deb hisoblamoqda. Rossiya YeI embargosi bilan hisoblaganda ham 2022 yil neft va gazdan 285 milliard dollar ishlashi kutilmoqda. Bu esa 2021 yildagiga qaraganda ancha ko‘p degani. Boshqa xomashyolarni ham sotishi hisobga olinsa, Rossiya sanksiyalar doirasida muzlatilgan 300 milliard dollarni bemalol to‘ldira oladi.
Yevropalik siyosatchilar ular qo‘llayotgan choralar yetarli emasligini bilib turishibdi. Shu bois, rus mahsulotlarining Rossiyaga qarshi sanksiyaga qo‘shilmagan davlatlarga ham eksport qilinishini cheklovchi choralar izlanmoqda. Masalan, YeI Rossiya bayrog‘i bilan suzayotgan kemalarni sug‘urtalashdan bosh tortmoqchi. Bu esa Rossiya atrofdagi boshqa davlatlarga ham dengiz orqali neft sota olmaydi deganidir. Bunday turdagi cheklov Rossiya neftini dunyoning istalgan suvli hududiga olib boruvchi yirik tankerlarga qarshi ham qo‘llanishi mumkin.
Shuningdek, Rossiya umuman kutmagan davlatlaridan ham zarbalar qabul qilib olishi mumkin. WSJ o‘z manbalariga asoslanib yozishicha, OPeK neft tashkilotiga a’zo ba’zi davlatlar Rossiyaning OPeK+ kelishuvidan chiqarishni muhokama qilmoqda. Nashr bilan gaplashgan delegatning aytishicha, buning iqtisodiy sabablari ham bor. Bu davlatlar sanksiya sabab Rossiya neft qazib olishda muammolarga uchrashi mumkinligini taxmin qilmoqda. Oqibatda bozor kutilmagan holatlarga tez-tez uchrashi mumkin bo‘lib qoladi.
Mojarlarga istisno
YeI «Do‘stlik» quvurli o‘tkazgichidan neft olishni istisno tariqasida vaqtincha embargoga kiritmagan. Sanksiyalarning oltinchi paketiga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan Vengriya uchun shunday istisno qilishdi. Vengriya o‘z ehtiyoji uchun asosiy neftni asosan mana shu o‘tkazgich orqali oladi. Mamlakat neft importining 65 foiz ulushi esa aynan Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.













