Energetika vazirligi iste’molchilar uchun onlayn kalkulyatorni taqdim etdi. Uning yordamida har bir iste’molchi taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan tariflar uning xarajatlariga qancha ta’sir qilishini hisoblab ko‘rishi mumkin. Bundan tashqari, iste’molchilar shaxsiy kabinetlari orqali qaysi oyda qancha elektr ishlatganliklarini onlayn ko‘ra oladi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda 1 iyuldan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshishi kutilmoqda. Bu gal ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish maqsadida tariflarni tabaqalashtirish taklif etilyapti.

Bunda, ijtimoiy norma doirasida alohida narx, normadan tashqari alohida narx belgilanishi mumkin. Bu – davlat subsidiyasining manzilli bo‘lishi va tejamkorlikka undashi bilan birga, hisob-kitoblarni murakkablashtiradi. Shundan kelib chiqib, Energetika vazirligi taklif etilayotgan yangi narxlar kimga qanday ta’sir qilishi mumkinligini mustaqil va oson hisoblovchi kalkulyatorni taqdim etdi.

Izoh: Bir vaqtning o‘zida ko‘pchilikning saytga kirishi uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin, bunda takroran urinib ko‘rish kerakligi va mutaxassislar bu borada ish olib borayotgani ma’lum qilindi.

Onlayn kalkulyatorga oylik elektr energiyasi sarfi va xonadon turi kiritilsa, u hozirgi va taklif etilayotgan tariflar bo‘yicha xarajat miqdori hamda o‘rtadagi farqni hisoblab beradi.

Shu bilan birga, iste’molchilar oylik energiya sarfi miqdorini ham onlayn bilishlari mumkin. Buning uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” saytidagi shaxsiy kabinetga kirish lozim.

Kabinetda iste’molchi qaysi oyda qancha elektr energiyasi ishlatgani, qaysi sanalarda qancha to‘lov qilgani, to‘lov kvitansiyalari va boshqa ma’lumotlarni olishi mumkin.