Jamiyat | 11:20 / 06.06.2022
18218
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda arxiv hujjatlari «makulatura»ga topshirib yuborildi

Tezkor qidiruv natijasida 2 660 shartli birlikdagi hujjatlar Sharof Rashidov tumanidagi chiqindi qog‘ozlarni qayta ishlaydigan korxonadan qaytarib olib kelingan.

Foto: AP Photo / Eckehard Schulz

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati arxiviga tegishli hujjatlar qog‘oz chiqindilarni qayta ishlaydigan korxona omborida saqlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. «O‘zarxiv» agentligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, Jizzax viloyati davlat arxivi saqlovida bo‘lgan hujjatlar noqonuniy ravishda olib chiqib ketilgan. Tezkor qidiruv ishlari natijasida 2 660 shartli birlik hujjatlar Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida joylashgan ikkilamchi qog‘oz chiqindilarini to‘plash, tayyorlash va qayta ishlash maskanidan qaytarib olib kelingan.

Hozirda Jizzax viloyati davlat arxivida navbatdan tashqari arxiv hujjatlari mavjudligi va holatini to‘liq tekshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, arxiv binosining video kuzatuv kameralari ishchi holatiga keltirilgan.

Bulardan tashqari, mazkur holat bo‘yicha, «O‘zarxiv» agentligining ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyati davlat arxivida xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha, viloyat prokuraturasi va viloyat ichki ishlar organlari tomonidan tekshirishlar olib borilmoqda.

«Ushbu holat bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar agentlik tomonidan taqdim etib boriladi», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid