Jahon | 09:35 / 09.06.2022
35067
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dumasiga «Litva mustaqilligini bekor qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi kiritildi 

«Litva mustaqilligini bekor qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini taklif qilgan «Yedinaya Rossiya» a’zosining fikricha, hujjat «mamlakatning NATOga a’zoligiga e’tiroz bildirish imkonini beradi».

Foto: TASS

Rossiya davlat dumasiga «SSSR davlat kengashining «Litva Respublikasining mustaqilligini tan olish to‘g‘risida»gi qarorini bekor qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi taqdim etildi

Qonunchilik faoliyatini ta’minlash tizim ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, qonun loyihasi 8 iyun, chorshanba kuni ro‘yxatga olingan. U davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinga yuborildi. 

Hujjatni deputat Yevgeniy Fedorov («Yedinaya Rossiya»dan) taklif qilgan. Qonun chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat Litvaning NATOga a’zoligiga e’tiroz bildirishga imkon beradi. 

Fedorovning fikricha, mustaqillikni tan olishda SSSRning «Ittifoq respublikasining ajralib chiqishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish tartibi to‘g‘risida»gi qonuni buzilgan, chunki Litvada «SSSR tarkibidan chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazilmagan».

Rossiya SSSRning huquqiy vorisi hisoblanadi. NATO nizomining oltinchi bandiga ko‘ra, «bahsli yuridik sub’yektlar alyans a’zosi bo‘la olmaydi», dedi Fedorov.

Ayni paytda, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Yedinaya Rossiya» vakilining taklifidan Kremlning xabari yo‘qligini aytdi.

1990 yil 11 martda LSSR oliy kengashi davlat nomini Litva Respublikasiga o‘zgartirish to‘g‘risida qonun chiqardi va Litva mustaqilligini tiklash to‘g‘risidagi aktni e’lon qildi. 1991 yil 6 sentabrda Mixail Gorbachev raisligidagi SSSR davlat kengashi Litva mustaqilligini tan oldi. 2004 yilda mamlakat NATO va Yevropa ittifoqiga qo‘shildi. 

Litva doimiy ravishda Moskvaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni yoqlab keladi va may oyi oxirida hatto Ukraina donini olib chiqish uchun Rossiyaning Qora dengiz blokadasini olib tashlash maqsadida dengiz koalitsiyasini yaratishni taklif qildi. 

Mavzuga oid