Telegram'dagi Nemolchi.uz kanali Toshkentda yigit va qiz ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar tarqatdi. Hodisa 8 iyunga o‘tar kechasi ro‘y bergan.
Jabrlanuvchilardan biri ekanini aytayotgan Ellona Firsova Gazeta.uz'ga bergan intervyusida tushuntirishicha, ishdan qaytganidan keyin tanishi Aleksandr Solenko bilan kechki sayrga chiqqan vaqtida PPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.
“Birinchidan, ular o‘zlarini tanishtirishmadi. Ular mendan qayerda yashashimiz va boshqa ma’lumotlarni so‘ray boshlashdi. Qayerda yashashimizni aytdik. Hujjatlarimizni ko‘rsatdik. Yonimizda hech qanday taqiqlangan narsa yo‘qligini ko‘rsatish uchun barcha cho‘ntaklarimizni ko‘rsatdik. Spirtli ichimlik ta’sirida emasdik. Tamaki chekmadik, o‘zimizni munosib tutdik”, deydi Ellona Firsova.
Qizning aytishicha, xodimlar juftlikka o‘zlari bilan birga ichki ishlar bo‘limiga borishlarini so‘rashgan, biroq u bundan bosh tortgan. Shundan so‘ng qiz o‘ziga kuch ishlatilgani, xodimlardan biri xavfli jinoyatchilarni ushlab olgandek, uning qo‘llarini buray boshlagani, buni ko‘rgan yigiti yordamga oshiqqani, natijada ikki o‘rtada nizo kelib chiqqanini ta’kidlamoqda.
Xodimlar Aleksandrning qo‘liga kishan taqib, bo‘limga olib ketishayotganda Ellona uning telefonida jarayonni tasvirga tushira boshlagani, buni ko‘rgan xodimlar telefonini tortib olishganini aytadi. Qizning so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumani IIBga olib borishgach, ularni suratga olishgan va ro‘y bergan holat rasmiylashtirilgan.
Shundan so‘ng yigit va qiz mashinada noma’lum joyga olib ketilgani, qiz bundan bosh tortgani uchun xodimlardan biri uning yuziga musht tushirganini aytmoqda. Ellona Firsova xodimlar yigitini mashinadan sudrab olib tushib kaltaklashgani, u yerdan qochib qutulmoqchi bo‘lganda o‘zini ham ayovsiz urishganini iddao qilyapti.
Voqeadan keyin yigit va qiz shifoxonaga borishgan. Ularning aytishicha, Firsovaga burun suyagining siljishsiz sinishi, burun ko‘prigi kontuziyasi, qorin old devori yumshoq to‘qimalarining kontuziyasi tashxisi qo‘yilgan; Solenkoda bosh miya chayqalishi, yuzida, yelkasida, bilagida va ko‘kragida kontuziya jarohatlari qayd etilgan.














