Rossiyaning Blagoveshensk shahrida mamlakatni Xitoy bilan bog‘lovchi ilk avtomobil ko‘prigi ochildi. Amur daryosi ustidan o‘tadigan ko‘prik qurilishi 2016 yilda boshlangan va 2020 yilgi ochilish koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgandi.
OAVda ko‘prik Rossiyaning Blagoveshensk va Xitoyning Xeyxe shaharlarini bog‘lashi yozilmoqda, lekin aslida u yo‘ldosh qishloqlar bo‘lmish Kanikurgan va Chanfani bog‘laydi.
«Ko‘prik Blagoveshenskdan ancha uzoqda, Xitoyning Xeyxe shahriga esa juda yaqin joylashgan. Bu blagoveshenskliklar uchun qulay joy bo‘lmasligi mumkin, lekin yuklarni tashish uchun juda yaxshi joyda, chunki federal trassa yaqindan o‘tadi», deydi Rossiya TIV qoshidagi tadqiqot instituti xodimi Ivan Zuyenko.
Ko‘prikdan allaqachon Xitoyga soya yog‘i va yog‘och, Rossiyaga esa mashina shinalari va elektrotexnikalar olib o‘tilgan.
Narigi sohildagi Xeyxe

Xitoyning Xeyxe shahri Rossiyaning Blagoveshensk shahrining ro‘parasida joylashgan. Xitoy shahar qirg‘oqlarini mamlakatning vitrinasiga aylantirishni istagan va shu sabab sohil yaqinida turli rangdagi chiroqlar osmonda har xil shakllarda paydo bo‘ladi. Daryoning Rossiya tomonidagi rossiyaliklar sohilda yurib Xitoy tomonni, xususan, chiroq o‘yinini tomosha qilishni xush ko‘radi.
2021 yil oxirida Xitoyda keskin karantin joriy qilinib, chiroqlar o‘yini ham bekor qilindi. Chiroqlar qayta yoqilganda esa hatto Blagoveshensk hokimiyati vakillari xitoylik hamkasblariga rasmiy minnatdorchilik xati ham yuborgan. Bu xat matni yaqinda DDosecrets loyihasi tomonidan Blagoveshensk hokimligi sayti buzib kirilgach e’lon qilingandi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, ko‘plab hakerlar bunga norozilik sifatida Rossiya federal tashkilotlari saytlarini buzib kira boshladi. Katta ehtimol bu xat ham shunday isyon natijasida ommaga oshkor bo‘lgan.
Bitta fura uchun 8700 rubl
Rossiya transport vaziri Vitaliy Savelevning aytishicha, Amur daryosi ustida ochilgan ko‘prik Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 million tonnaga oshirishi kutilmoqda. Rossiyalik vazir videoaloqa ko‘rinishidagi ochilish marosimida ko‘prikning ochilishi ikki mamlakatdagi tadbirkorlarning transport xarajatlarini kamaytirishi, eksport va import uchun sarfalanadigan yo‘l esa uch baravarga qisqarishini aytgan.
















