Texnologiyalar rivojlangani sari firibgarlikning yangidan yangi turlari paydo bo‘lmoqda. Shulardan eng keng tarqalgani – kiberfiribgarlikdir. Oxirgi 3 yilda bu turdagi jinoyatlar soni 8 barobarga ko‘paygan.

Ko‘p holatlarda fuqarolar hushyor bo‘lmagani sababli ham firibgarlar bundan ustomonlik bilan foydalanmoqda. Quyida hozirgi kunda keng tarqalgan kiberfiribgarlik turlari va ulardan himoyalanish haqida ma’lumot beramiz.

Noma’lum “xaloskor”

Bu sxemada firibgar odamlarning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank, tijorat banki yoki to‘lov tizimi (masalan, Click) xodimi deb tanishtiradi. Shundan keyin mobil ilova buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltirgan holda, darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilish mumkinligini ta’kidlab, ishonchga kirishga va emotsional ta’sir o‘tkazishga urinadi.

Masalan, “bank kartangizdan qanchadir mablag‘ o‘g‘irlandi, bu sizmisiz?” deyishi mumkin. Firibgar “tezroq”, “hoziroq”, “keyin tushuntiraman”, “tezroq kerak” kabi so‘zlar bilan sarosimaga solishga urinadi.

Foto: Getty Images

Bu holatda hech qachon telefoningizga kelgan bank kartalari bilan bog‘liq bir martalik yuborilgan SMS-kodni, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish huquqini beruvchi login va parollarni hech qanday shaxslarga aytmang. Ular sizdan olgan ma’lumotlar (SMS-kod, login va parol va h.k.) orqali bank kartangizdagi pul mablag‘larini ko‘chirib olish yoki ruxsatingizsiz boshqarish imkonini qo‘lga kiritadi.

“Tanlovda g‘olib bo‘ldingiz”

Noma’lum shaxs siz bilan bog‘lanib, tanlovda g‘olib bo‘lganingiz bilan tabriklaydi. Keyin sizga “yutib” olgan pulni qabul qilib olishingiz uchun link yuboradi va ko‘rsatilgan saytga kirib mablag‘larni qabul qilishingiz haqida aytadi. Saytga kirib, plastik karta raqami, amal qilish muddati, telefon raqam va kelgan SMS xabarnomadagi parolni ham kiritganingizdan keyin, plastikdagi barcha pul soniyalar ichida yechib olinadi.