Tadbir yakunida vazir jurnalistlarning sohaga oid boshqa qator savollariga ham javob berdi.

Kun.uz:

Universitetlarning bugun 2 asosiy vazifasi bor. Birinchisi – darsliklar chiqarish va xalqni savodli qilishga hissa qo‘shish.

Ikkinchisi – sifatli kadrlar tayyorlash va ularning g‘oyalarini xorijga sotish orqali mamlakat rivojlanishiga hissa qo‘shish. Xo‘sh, siz vazir bo‘lib kelgandan buyon o‘zbek OTMlarida qilingan qanday g‘oyalar xorijga sotildi?

— Bizning eng katta yutuqlarimizdan biri –  hozir O‘zbekistonda ochilgan xorijiy va xususiy oliy ta’lim muassasalari bilan davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat vujudga kelgani.

Men bu savolingizga davlat oliy ta’lim muassasalaridan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini misol qilib keltiraman. Hozir u yerda London universitetining qo‘shma dasturlari ochildi, shuningdek, “Pirson”ning e’tiroflari bo‘lyapti.

Yuridik universitetda, irrigatsiyada natijalar juda katta. Hududlarga kelsak, Samarqand va Urganch davlat universitetida bo‘layotgan ishlar tahsinga loyiq. Umuman, harakat qilmayotgan universitet yo‘q. Faqat ko‘p yillik muammolar yig‘ilib qolgan. Bilasizmi, buni nimaga o‘xshataman? Deylik, biror surunkali, masalan, qand kasali bor bemor shifokorga olib borilsa, avval uning qand miqdori pasaytiriladi va keyin muolaja qilinadi.

Bugungi qabullar misolida ham oliy ta’limga dog‘ bo‘lgan korrupsiya va tanish-bilishchilik holatlarini o‘ylashimcha, yuz foiz hal qilib oldik. Taraqqiyot bo‘lishi uchun bular bo‘lmasligi kerak edi.

O‘tgan yili prezidentimiz rektorlarning ko‘plab muammolarini eshitdi va ularni hal qilish bo‘yicha barcha sharoitni yaratib berdi. Endi taraqqiyot katta bosqichda bo‘ladi.

Bir misol, yaqinda Milliy universitetda talabalar bilan uchrasharkanman, ular menga nega o‘qituvchilar chet elga boradi-yu, biz bormaymiz, deya savol berdi.

Biz shu joyda qaror qabul qildikki, endi rektor, prorektor, kafedra mudiri chet elga borsa, o‘zi bilan kamida besh nafar talabani olib ketishi kerak.

Talabalar juda bilimli, ular yonyapti. Qaytaraman, ishlamayotgan OTM yo‘q, ishlamayotgan rektor bor.