So‘lchilar va radikal o‘ngchilardan iborat alyans saylovlarda kutilganidan ko‘p ovoz olib, Makron Fransiya rahbari sifatida ikkinchi muddatida amalga oshirishni ko‘zlagan islohotlar kelajagini so‘roq ostida qoldirdi. Tahlilchilar Fransiya qonun chiqaruvchi organlarida tushunmovchilik paydo bo‘lishi va Makron tezda koalitsiya tuzishga kirishishini taxmin qilishmoqda.
Putinni urushni to‘xtatishga chaqirishga, G‘arb siyosatchilari orasida mas’uliyatni o‘z gardaniga olishga urinayotgan 44 yoshli Makron endi uzoq vaqt ichki siyosiy jarayonlar bilan band bo‘lib qoladiganga o‘xshamoqda.
Makronning «Birlik» koalitsiyasi hamon Fransiya Milliy majlisining eng katta partiyasi bo‘lib turibdi, lekin Makron tarafdorlari yangi tarkibda 245 ta o‘ringa ega bo‘lishdi, ya’ni 100 taga yaqin o‘rinni boy berishdi. Quyi palatada ko‘pchilikka ega bo‘lish uchun esa 577 nafar deputatning kamida 289 nafari bir partiya vakili bo‘lishi kerak. Kamida 44 ta kam ovoz to‘plagan Makron yetakchiligidagi harakat endi boshqalar bilan hamkorlik qilishga majbur.
Prezidentlik saylovlarida ketma-ket ikki marta Makronga yengilgan Marin Le Pen boshchiligidagi radikal o‘ngchilar partiyasi quyi palatada o‘z tarixidagi eng ko‘p ovozga ega bo‘ldi. Qayta tashkil etilgan «Nupes» so‘lchilar bloki esa parlamentdagi eng yirik muxolif fraksiya sifatida shakllandi.
Endilikda Makronning oldida qiyin tanlov turibdi: yoki boshqaruv koalitsiyasini tashkil etish yoki ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan hukumatni boshqarib, parlamentga kiritiladigan har qanday qonun uchun talashishga majbur bo‘lish.
Bunaqasi prezidentlik vakolati kengaytirilgan Beshinchi respublika tarixida faqat bir marta sodir bo‘lgan: 1988 yil sotsialistlar yetakchisi bo‘lgan prezident Mitteran partiyasi parlamentda ustunlikni boy bergan va ikkinchi muddatda boshqa partiyalar bilan murosa qilishga majbur bo‘lgan.
Bunday holatda tomonlar kelisha olmasa, qonun chiqaruvchi organlar faoliyatida uzilish paydo bo‘ladi. Hukmron partiya parlamentda ozchilikda qolgani sabab faqat nomigagina yetakchilikni saqlab qoladi, aslida esa yil oxirida budjet to‘g‘risidagi qonunni ham mustaqil qabul qila olmaydi. Makron davlat rahbari sifatida muddatidan oldin parlament saylovlari haqida e’lon qilishi mumkin, ammo bunda ham uning g‘alabasini hech kim kafolatlay olmaydi.
1997 yil Jak Shirak ham parlamentdagi ustunlikni boy beradi. Keyin ikkinchi urinishda g‘alabaga umid qilib muddatidan avval parlament saylovlari e’lon qiladi. Oqibatda esa yangi ko‘pchilik bilan kelishib ishlashga majbur bo‘lib, hukumatdagi deyarli barcha boshqaruv richaglarini yo‘qotadi. Ammo hozirda Makron qayta saylovni e’lon qilishi to‘g‘ri yechim emas. Birinchidan, uning g‘alabasi kafolatlanmagan, ikkinchidan, qayta saylovda ham yengilsa, prezident keyingi saylovlarni bir yildan avval e’lon qila olmaydi. Uchinchidan, o‘z manfaati uchun qayta saylov e’lon qilishi nafaqat Makronning islohotlariga soya soladi, balki uning iste’fosiga olib kelishi mumkin.
















